Янгиликлар
Xodim homiladorlik va tugʼish taʼtili tugagandan so`ng xodimga dars soati berilishi
Xodim homiladorlik va tugʼish taʼtili tugagandan so`ng xodimga dars soati berilishi
Xodim homiladorlik va tugʼish taʼtili tugagandan soʼng ishga chiqishga haqli. Bunda ishga chiqishga ariza yozish shart emas. Mehnat kodeksi 233-234-moddalariga muvofiq homiladorlik va tugʼish, shuningdek, bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
Biroq bu oʼqituvchi necha soat bilan dekretga chiqqan boʼlsa, shu soat boʼyicha ishga qaytishi kerak degan qoidani bermaydi. Bu holatda “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʼyxatlarini shakllantirish tartibi toʼgʼrisida”gi nizomga (roʼyxat raqami 3271) 15 va
19-bandlari dars taqsimotiga nisbatan qoʼllaniladi. Ushbu nizomning 19-bandiga koʼra homiladorlik va tugʼish taʼtili hamda bola parvarishidan qaytgan oʼqituvchilarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan koʼrsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Demak, dekretdan qaytgan oʼqituvchi ham oʼzining natijalariga erishgan yutuqlariga koʼra dars olishi mumkin. Shuningdek, yuqoridagi nizomning 16-bandida koʼrsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega boʼlgan oʼqituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etilishi aytilmoqda. Bu koʼrsatkichlari yuqori oʼqituvchiga maksimal dars berish shart degani emas. Dars soatlari maktabda shu fan boʼyicha mavjud dars soatlariga, shu fandan dars beruvchi oʼqituvchilar soniga, ularning koʼrsatkichlariga qarash lozim.
Ushbu nizomning 25-bandiga asosan oʼqituvchilarining tarifikatsiya roʼyxati oʼzgartirilishi va qayta koʼrib chiqilishi mumkin. Bunda oʼqituvchilar oʼrtasida jami dars soatlari rejasi doirasida kiritiladigan oʼzgartirishlar umumtaʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Shunga koʼra dekretdan qaytgan oʼqituvchiga yuqoridagi qoidalariga rioya qilgan holda dars ajratiladi.
Bekobod shahar adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti: F.R.Mamatov