Янгиликлар
Talab etiladigan hujjatlar qisqartirilganligidan xabaringiz bormi?
Talab etiladigan hujjatlar qisqartirilganligidan xabaringiz bormi?
Mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yanada oshirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, aholini ijtimoiy himoya qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Xususan, jahonda boʻlib oʻtayotgan koronavirus pandemiyasi aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlashning shaffof va samarali instrumentlari boʻlishini taqozo etmoqda. Shu bilan birga, ushbu sohada zarur idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻozda ish yuritishdan voz kechish, davlat ijtimoiy xizmati yoki yordamini taqdim etish vaqtini qisqartirish imkoniyatini bermayapti. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi PQ-4797-son qaroriga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda fuqarolardan talab etilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan hujjatlar quyidagilar hisoblanadi;
Doimiy yashash uchun roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
Oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, bolalar soni va ularning yoshi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, turmush qurganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, ajrashganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma.
Avtotransport vositasi mavjudligi va uning texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Oilaning (oila aʼzolarning) rasmiy daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Koʻchmas mulkning mavjudligi, koʻchmas mulk hajmi, foydalanuvda boʻlgan yerning boniteti toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Ish qidiruvchi, ishsiz, jamoat ishlari bilan bandlik maqomi berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Pensiya va nafaqa koʻrinishidagi daromadlari, 1 va 2 guruh nogironligi boʻlgan shaxslar ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Mehnat faoliyati bilan vaqtincha shugʻullanish imkoniyatini bermaydigan kasallikning mavjudligi, nogironlik guruhining mavjudligi, doimiy parvarishga muhtoj oila aʼzosining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Bank plastik kartasining mavjudligi, toʻlovlar va vedomostlarni yuborish, toʻlangan mablagʻlar toʻgʻrisidagi hisobotlar, oila aʼzolariga kelib tushgan pul oʻtkazmalari, bank plastik kartasi qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Oila aʼzolarining qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirgan operatsiyalari, dividendlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Talabalar safida mavjudligi, stipendiya miqdori, oʻqish shakli (kunduzgi, sirtqi), oʻqish turi (davlat granti, toʻlov kontrakt) toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar jumlasidandir.
Muxtaram Prezidentimizning ushbu qarori fuqarolarimizning mushkulini yanada osonlashtiradi.
Boʻka tuman Davlat xizmatlari
markazi boʻlim boshligʻi Dilfuza Axmedova