Янгиликлар
Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimi joriy etildi.
Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimi joriy etildi.
Biz bilamizki, 2022 — 2026 yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida, respublikamiz hududlarida 200 ta yangi sanoat zonalarini tashkil etish va biznes-inkubatorlar tizimini rivojlantirish. Sharoiti ogʻir boʻlgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan
Mazkur taraqqiyot strategiyasiga asosan, hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, tuman va shaharlarni ularning sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish boʻyicha yangicha yondoshuvlarni joriy etish, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, davlat koʻmagini berish tartibini takomillashtirish maqsadida 2022-yilning 30-dekabr kunida Oʻzbekiston Prezidenti “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga binon 2023-yil 1-yanvardan respublikaning 208 ta tuman va shaharlari 5 ta toifaga ajratilib, tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar berilishi hamda 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha soliq solishning tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi:
Mazkur farmon bilan ayrim tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlashi joriy etildi.
Farmonga asosan, yirik soliq toʻlovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno etib belgilangan.
Shuningdek, ayrim tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan YATTlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini toʻlashdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, 2023-yil 1-yanvardan boshlab, ayrim tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga banklarning kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya hamda banklar kreditlarining 75 foizigacha, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.
Ushbu Farmon bilan aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratishning oshirilgan miqdorlari va tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharlar toifalaridan kelib chiqib qoʻllab-quvvatlash choralari tasdiqlandi.
Shuni ham takidlab oʻtishimiz lozimki, farmonga asosan Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitlardan kelib chiqib 3-toifaga ajratilgan.
Xulosa qilib aytganda, hududlarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish,tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatini boshlashi uchun zarur maʼlumotlarni erkin foydalanishga chiqarish. Qurilish faoliyatida qurilish nuqsonlari yoki muammolarining oldini olish hamda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorga keng yoʻl ochish. Iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etishni kengaytirish asosiy maqsad etib belgilangan.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi N. Anarqulova