Янгиликлар
Endilikda nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni ishga olgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi.
Endilikda nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni ishga olgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi.
Har qanday davlatning adolatli
ekani uning xotin-qizlarga boʻlgan
gʻamxoʻrligi bilan belgilanadi-
Sh.Mirziyoyev
Xalqimiz azaldan roʻzgʻorning obodligini halol mehnatda, deb bilib kelgan. Oilada bir kishining ishlashi qozon qaynashiga, turmush kechirishiga kifoya qilgan boʻlsa, bugungi kunda hayotimizga turfa zamonaviy yangiliklarning kirib kelishi, qulay ehtiyojlarning paydo boʻlishi oilaviy mehnat qilish koʻnikmasini shakllantirishni talab qilmoqda. Uy bekalari va farzandlar ham oilaboshi bilan yonma-yon ishlab, mamlakat rivojiga hissa qoʻshib, roʻzgʻor kam-koʻstini butlayapti. Xalqimizning intilish va saʼy-harakatlariga monand ravishda fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali farovon turmush kechirishiga zamin yaratilmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularning tadbirkorlik faolligini oshirish, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkor ayollarning iqtisodiyotini rivojlantirishdagi rolini yanada oshirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-87-son Farmonining ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 22-iyulida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Mazkur qarorga asosan, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron restriga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim muassasalari hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining kasb-hunarga oʻrgatuvchi oʻquv kurslariga yoʻnaltirilgan yoshlar va xotin-qizlar uchun uch tomonlama shartnoma asosida kasb-hunar va tadbirkorlik boʻyicha oʻquv kurslari xarajaatining 70 foizi, lekin 1 mln soʻmdan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi. Ushbu uch tamonlama shartnoma fuqaro, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari va taʼlim tashkiloti oʻrtasida tuman hokimi yordamchisining tavsiyasiga koʻra tuziladi.
Shuningdek, qaror bilan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlar kasb-hunarga, tadbirkorlikka Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida toʻliq bepul oʻqitilishi belgilangan.
Ayollarning bandligini taʼminlash maqsadida qarorga asosan, oʻquv kurslarini yakunlagan ishsiz xotin-qizlar tuman Aholi bandligini taʼminlashga koʻmaklashish Markazlari tomonidan mavjud boʻsh ish oʻrinlariga joylashtiriladi.
Bundan tashqari, qaror bilan tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarini yakunlagan xotin-qizlarga tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishidan boshlab, oʻz faoliyatini mustaqil olib borishiga qadar boʻlgan jarayonda hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam koʻrsatib borishi belgilandi.
Mazkur qarorga asosan, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi tomonidan mehnatga layoqatli, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilandi.
Qarorga muvofiq “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarga hokim yordamchisi tavsiyasiga asosan, tuman hokimligining “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan nodavlat taʼlim tashkilotlari va professional taʼlim muassasalarining oʻquv kursi qiymatining qolgan 30 foiz qismi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hududiy boshqarmasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, tegishliligi boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari yoki professional taʼlim muassasalari va fuqaro oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq oldindan toʻlash orqali qoplab beriladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu qarorning ijrosini taʼminlash bilan tadbirkorlarning, xususan, xotin-qizlarning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida bor imkoniyatlarni ishga soladi. Muhimi, buning natijasida ishsizlik kamayib, roʻzgʻorlarga baraka kiradi, odamlarning ishbilarmonlik qobiliyati yuzaga chiqadi. Prezidentimizning ushbu qarorlari esa bu boradagi ishlarimizni yanada rivojlantirishga muhim dasturiamal boʻlib xizmat qiladi.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi Anarqulova Nazokat.