Янгиликлар
Mehnatni muhofaza qilish xizmati
Mehnatni muhofaza qilish xizmati
“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga ko’ra, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni 50 kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
50 va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
❗️Qonunning 4-moddasi (Asosiy tushunchalar)ga diqqat qiling! Unga ko’ra, ishlab chiqarish faoliyati — mahsulot ishlab chiqarish, xomashyoni qayta ishlash, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida amalga oshiriladigan harakatlar yig‘indisidir.
❗️Demak, Qonunga ko’ra, ishlab chiqarish faoliyati deganda nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki xomashyoni qayta ishlash, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida amalga oshiriladigan harakatlar yig‘indisi tushuniladi. Shuning uchun Sizning tashkilotingizda ham mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etilishi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etilishi shart. Ushbu Qonun talablari, mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar uchun majburiy. Batafsil Qonunning
3-moddasiga qarang.
Aks holda, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ga ko’ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bundan bila turib g‘ayriqonuniy ishdan bo‘shatish mustasno, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bekobod shahar adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti: F.R.Mamatov