Янгиликлар
Yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish
Yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish
Tug‘ilishni qayd etish uchun yolg‘iz (qonuniy nikohda bo‘lmagan) ona tomonidan FHDY organiga onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat va yozma ariza (14-ilova) taqdim etiladi.
Agar tug‘ilgan bolaning onasi voyaga yetmagan bo‘lsa, tug‘ilishni qayd etish bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma hamda vasiylik va homiylik organining arizasiga asosan onaning yashash joyidagi FHDY organi tomonidan qayd etiladi. Bunda bolani tuqqan onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birga yashash va o‘qish joyidan rasmi yelimlangan holdagi ma’lumotnomalar taqdim etilishi lozim.
Yolg‘iz onaning arizasida ona va otaning familiyasi bir xilda — onaning familiyasi bo‘yicha ko‘rsatilishi lozim.
Bolaning familiyasi esa onaning familiyasi yoki milliy an’analarga ko‘ra ona tomonidan boboning ismi bo‘yicha berilishi mumkin.
Tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvini qayd etishda yolg‘iz ona shaxsan ishtirok etolmagan taqdirda onaning arizadagi imzosi tibbiy muassasa yoki jazoni ijro etish muassasasi mansabdor shaxsining imzosi va ushbu muassasaning gerbli muhri bilan yoxud notarial tartibda tasdiqlangan bo‘lishi shart.
Yolg‘iz onalarning arizalari Yolg‘iz onalarning arizalarini ro‘yxatga olish daftariga (15-ilova) qayd etilib, arizaning pastki o‘ng burchagiga kirim qilingan sana va kirim raqami yozib qo‘yiladi hamda ketma-ketligi bo‘yicha tikib boriladi.
Arizaning yuqori o‘ng burchagiga dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi, berilgan gerbli guvohnoma seriyasi va raqami yozib qo‘yiladi.
Yolg‘iz onaga farzandining tug‘ilganligi haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma (16-ilova) beriladi.
BEKOBOD TUMANI FHDYO BO`LIMI
II TOIFALI INSPEKTORI S.N.MUXIDDINOVA