Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Fuqarolik huquqida vakillik va ishonchnoma tushunchasi


Fuqarolik huquqida vakillik va ishonchnoma tushunchasi

 

Vakillik – ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi.

Vakolatsiz vakillik – vakil qilinmagan shaxs tomonidan boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs ushbu bitimni keyinchalik maʼqullagan taqdirdagina uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham bunday bitim maʼqullangan hisoblanadi.

Bundan tashqari fuqarolik huquqida tijorat vakilligi degan tushuncha ham mavjud boʻlib, tadbirkorlar shartnomalar tuzayotganida ular nomidan doimo va mustaqil suratda vakillik qiluvchi shaxs (tijorat vakili) vakilning vakolatlari koʻrsatilgan yozma shartnoma asosida, bunday vakolatlar koʻrsatilmagan taqdirda esa — ishonchnoma asosida ham ish olib boradi. Tijorat vakili oʻzining ishtirokida tuzilgan shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini faqat bu taraflarning roziligi bilan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollardagina ayni bir vaqtda ifodalashi mumkin.

Endi koʻpchilik oʻzining shaxsiy va boshqa huquqiy munosabatlarida duch keladigan ishonchnomaga alohida toʻxtalib oʻtsak !

Bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil oʻziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.

Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) koʻrsatilgan faoliyat maqsadlariga zid boʻlmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin.

Ishonchnoma oddiy yozma shaklda yoki notarial shaklda rasmiylashtiriladi.

Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.

Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri bosiladi.

Ishonchnoma koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida oʻz kuchini saqlaydi.

Berilgan kuni koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy hisoblanmaydi.

Yana bir muhim narsa, ishonchnoma boʻyicha vakolatlarni boshqa shaxsga berish degan tushuncha ham mavjud.

Bunda ishonchnoma berilgan shaxs oʻz vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan boʻlsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.

Ishonchnomaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor boʻladi:

Ishonchnoma muddatining tamom boʻlishi, ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi, nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining toʻxtatilishi,  nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining toʻxtatilishi,  ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi, ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi bilan.

Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish haqidagi bitim haqiqiy emas.

 

 

 

 

Qibray tumani adliya

boʻlimi boshligʻi v.v.b                                                                      S.A.Yusupov