Янгиликлар
Ayol xodimlar bilan farzandi 2 yoshgacha bola parvarishi taʼtilida boʻlgan davrda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish mumkinmi?
Ayol xodimlar bilan farzandi 2 yoshgacha bola parvarishi taʼtilida boʻlgan davrda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 100-moddasiga koʻra, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asosi hisoblanadi.
Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.
Ushbu Kodeksning 234-moddasiga koʻra, bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
Ushbu Kodeksning 237-moddasiga koʻra, homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy toʻlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshiradi.
Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
Yuqorida qayd qilingan modda talablariga koʻra, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yuzasidan mehnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asoslari boʻlib, homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qibray tumani adliya
boʻlimi boshligʻi v.v.b S.A.Yusupov