Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

ALIMENT MIQDORINI KAMAYTIRISH UCHUN QAYERGA MUROJAAT QILISH KERAK?


ALIMENT MIQDORINI KAMAYTIRISH UCHUN QAYERGA MUROJAAT QILISH KERAK?

Aliment masalasi dolzarb muammo. Undiruvchi koʻproq olsam desa, toʻlovchi tomon kamroq toʻlashni xohlaydi. Oʻzi aliment miqdorini kamaytirish mumkinmi? Buning uchun qayerga murojaat qilish kerak? Qanday hujjatlar talab etiladi? Davlat boji toʻlaydimi?

SUD HAL ETADI

  • Toʻlanayotgan aliment miqdorini kamaytirish tartibi amalga oshirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 105-moddasiga koʻra, aliment toʻlayotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari boʻlib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda oʻsha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq taʼminlanib qoladigan boʻlsa, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin. Shuningdek, aliment toʻlayotgan ota (ona) nogironligi boʻlgan shaxs boʻlib, moddiy jihatdan qiynalib qolsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega boʻlgan taqdirda ham aliment miqdorini kamaytirish mumkin.

ARIZANI KIM BERADI?

  • Aliment miqdorini kamaytirish uchun aliment toʻlayotgan ota yoki ona daʼvo arizasi bilan javobgar (ikkinchi taraf)ning yashash joyi hududidagi fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻladi.

Daʼvo arizasi yozma ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 189-moddasi talabi doirasida tayyorlanishi lozim.

Aliment miqdorini kamaytirish haqidagi daʼvo ariza berishga faqat aliment toʻlayotgan ota yoki ona haqli hisoblanadi. Shuningdek, ularni nomidan qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ularning ishonchli vakillari daʼvo arizasi berish huquqiga ega.

Ishonchnomani rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 10-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

QANDAY HUJJATLAR TALAB ETILADI?

  • Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
  • shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • bolaning tugʻilganlik guvohnomasi nusxasi;
  • aliment undirish masalasidagi sud hujjati nusxasi;
  • toʻlanayotgan aliment miqdorini kamaytirishga asos qilib koʻrsatgan holatlarni tasdiqlovchi dalillar;
  • davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • pochta xarajati toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat kabilar berilishini lozim boʻladi. Shuningdek, daʼvogar tomonidan oʻz talabini tasdiqlovchi boshqa dalillar taqdim etilishi mumkin.

DAVLAT BOJI QANCHA?

  • Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuni talabiga muvofiq, davlat boji har bir daʼvo talab boʻyicha alohida-alohida toʻlanishi nazarda tutilgan boʻlib, daʼvogar mulkiy tusdagi talabi uchun daʼvo bahosining 4 foizi, lekin Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari kam boʻlmagan miqdorida, nomulkiy tusdagi talablar boʻyicha Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida davlat boji toʻlashi lozim.

Toʻlanayotgan aliment miqdorini kamaytirish haqidagi daʼvo nomulkiy tusdagi talablar sarasiga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktyabrdagi OʻRQ-496-sonli Qonuni bilan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaat qilishda pochta xarajatlari toʻlashga oid normalar kiritilgan boʻlib, sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilishda bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizi miqdorida pochta xarajatlari undirish belgilangan.

OTA-ONASI HAM ALIMENT TALAB QILSA...

  • Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 109-moddasiga koʻra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻz ota-onasiga taʼminot berishlari va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishlari shart.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar oʻz ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan boʻyin tovlasalar, taʼminot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.

Ushbu holat ota-onaga aliment toʻlayotgan shaxsning voyaga yetmagan farzandlarining moddiy taʼminoti uchun toʻlayotgan aliment miqdorini kamaytirishga asos boʻlmaydi.

 

 

 

Qibray tumani adliya

boʻlimi boshligʻi v.v.b                                                                      S.A.Yusupov