Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

QONUN BILAN MUAYYAN YASHASh JOYIGA EGA BOʻLMAGAN SHAXSLARNI REABILITATSIYA QILISH HUQUQIY ASOSLARI MUSTAHKAMLANDI.


QONUN BILAN MUAYYAN YASHASh JOYIGA EGA BOʻLMAGAN SHAXSLARNI REABILITATSIYA QILISH HUQUQIY ASOSLARI MUSTAHKAMLANDI.

 

Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun (oʻrq-810-son, 16.12.2022-y.) prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Mamlakatimizda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish orqali ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam koʻrsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari tumanlararo maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Tumanlararo maʼmuriy sudlar faqat viloyat markazlarida joylashganligi, hududlar geografik joylashuvi boʻyicha bir-biridan uzoqda joylashganligi va ichki ishlar organlari xodimi mazkur ish bilan shugʻullanishi davomida oʻz xizmat joyini uzoq muddat boʻsh qoldirayotganligi tufayli muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqishga doir normalarini Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻtkazish hamda tegishli ishlarni koʻrib chiqishni maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlariga oʻtkazish belgilandi.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirishtoʻgʻrisida ish yuritish tartibi kiritildi.
Qonunga koʻra, Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning reabilitatsiya markaziga joylashtirilishini talab qiluvchi asoslar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organi bunday shaxs ichki ishlar organiga keltirilgan paytdan eʼtiboran 48 soat ichida uni reabilitatsiya markaziga oʻttiz sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma yuborish uchun materiallarni tayyorlashi shart.

Endilikda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligini tasdiqlovchi materiallar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs aniqlangan yerdagi yoki reabilitatsiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan beriladi.
Iltimosnoma sudga yozma shaklda beriladi va ichki ishlar organining rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Sud majlisida oʻziga nisbatan reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs va ichki ishlar organining vakili ishtirok etadi. Shuningdek, sud majlisida advokat ishtirok etishi mumkin. Qaror sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi.
Iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish yoki  iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qiladi. Qaror oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim.
Ushbu Qonunda taklif etilayotgan normalar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bogʻliq qiyinchiliklarning va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

 

 

Qibray tumani adliya

Boʻlimi boshligʻi v.v.b                                                  S.A.Yusupov