Янгиликлар
Dastlabki sinov muddati
Dastlabki sinov muddati
Mehnat shartnomasi quyidagi maqsadda dastlabki sinov bilan tuzilishi mumkin:
xodimning topshirilayotgan ishga muvofiqligini tekshirish;
mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqida xodim tomonidan qaror qabul qilish.
Dastlabki sinov faqat xodimni ishga qabul qilish chog‘ida belgilanishi mumkin. Xodim boshqa ishga o‘tkazilayotganda va boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilganda dastlabki sinov belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respubliksining Yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlarning rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida bo‘linmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerak.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda bo‘lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qo‘shilmaydi.
Dastlabki sinov davrida xodimga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi to‘liq tatbiq etiladi.
Dastlabki sinov davri mehnat stajiga, shu jumladan har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajiga ham kiritiladi.
Dastlabki sinov muddati tugaguniga qadar taraflarning har biri ikkinchi tarafni kamida uch kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz bo‘lganda, xodimni sinovdan o‘tmagan deb e’tirof etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablarni ko‘rsatgan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra, dastlabki sinov davrida bekor qilishga haqli.
Xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini dastlabki sinov davrida bekor qilish uchun xodimning yozma arizasi asos bo‘lib, unda xodimning mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tugatish istagi aks ettirilishi kerak. Bunda xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga undagan sabablar ahamiyatga ega emas.
Chinoz tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
M.Nunnazarov.