Янгиликлар
Jamoat fondlari
Jamoat fondlari
Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo‘shish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlaydigan, a’zoligi bo‘lmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb e’tirof etiladi. Jamoat fondiga uning muassislari (muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan o‘tkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo‘yicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Jamoat fondining mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda ma’muriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi. Fond qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan o‘z ustavida belgilangan maqsadlarga to‘g‘ri keladigan doirada shug‘ullanishi mumkin. Fondning tijorat tashkilotlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtiroki qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jamoat fondi har yili o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot e’lon qilib borishi shart.
Jamoat fondini boshqarish tartibi va uning organlarini shakllantirish tartibi uning ustavida belgilanadi. Jamoat fondining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining to‘rtinchi qismida ko‘rsatilganidan tashqari quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: fond organlarining tuzilishi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi; fond organlarining mansabdor shaxslarini tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod qilish tartibi; fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari; fondning, uning vakolatxonalari hamda filiallarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquq va majburiyatlari; fond vakolatxonalarini ochish va filiallarini tashkil etish tartibi; fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi; fond tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi; fond ustaviga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi. Jamoat fondining ustavida fondning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin. Jamoat fondlari huquqiy holatining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Ohangaron shahar adliya
bo`limi bosh maslahatchisi O.Annakulov