Янгиликлар
Yuridik shaxs tushunchasi
Yuridik shaxs tushunchasi
O‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo‘la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi. Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega bo‘lishlari kerak. Foyda olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi bo‘lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo‘lishi mumkin. Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs xo‘jalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi, unitar korxona va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin. Tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin. Tijoratchi bo‘lmagan tashkilot o‘zining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin. Yuridik shaxslar uyushmalar (ittifoqlar)ga va boshqa birlashmalarga Qonunga muvofiq birlashishlari mumkin. Yuridik shaxs ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek ustav va boshqa ta’sis hujjatlari asosida ish olib boradi.
Ohangaron shahar adliya
bo`limi bosh maslahatchisi O.Annakulov