Янгиликлар
Zararni qoplash
Zararni qoplash
Agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs o‘ziga yetkazilgan zararning to‘la qoplanishini talab qilishi mumkin. Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi. Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishini talab qilishga haqli.
Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning o‘rni davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bekor qilingan, ularning mablag‘lari yetishmagan yoxud davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa, sudning qarori bilan zararning o‘rnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Ohangaron shahar adliya
bo`limi bosh maslahatchisi O.Annakulov