Янгиликлар
Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba
Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba
“Korrupsiya bilan hyech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz”
Sh.Mirziyoyev
Korrupsiya so‘zi lotincha “buzish”, “aynish” degan ma'nolarni anglatadi. Biror mansabdor shaxsning qonunchilikka va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfatlar maqsadida foyda olishidir. Korrupsiya atamasi odatda siyosiy apparatga nisbatan ishlatiladi. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham korrupsiya deyiladi. Xalqaro darajda 1970 yilda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oily davlat amaldorlarini sotib olish bo‘yicha “Lokxid ishi” eng yirik korrupsiya ko‘rinishlariga misol bo‘ladi.
Korrupsiyaning eng keng tarqalgan turlariga poraxo‘rlik, firibgarlik, tovlamachilik, nepotizm kiradi. Bunday jinoyatlarning ko‘plab sodir etilishi iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi va fuqarolarni davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin. Mustaqillikga erishganimizdan keying davrda ushbu turdagi jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan qator normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingan, unga qarshi kurashuvchi davlat idoralari, ularning tarkibiy tuzilmalari tashkil etilgan bo‘lsada, unga qarshi kurashish ko‘ngildagidek bo‘layotgani yo‘q tom ma'noda korrupsiyaviy jinoyatchilik ildiz otib, miqdori kun sayin oshib bormoqda. Eng xatarlisi esa odamlarni bunday holga nisbatan befarqligi, unga oddiy holat sifatida munosabatda bo‘lishidir. Chuqurroq o‘ylab qarasak korrupsiya va unga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy jinoyatchilik davlatlarning bugungi iqtisodiy va siyosiy vaziyatida taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi asosiy xavf manbai, xavfsizlikka tahdid hisoblanadi.
Bugungi kunda har bir davlatda korrupsiyaga qarshi kurash davom etmoqda. Har bir davlat va jamiyat korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lini o‘zi tanlaydi, aniqrog‘i, qanday yo‘l to‘g‘ri ekanini hayot ko‘rsatadi. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari ko‘zda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida e'tibor qaratilgani bejiz emas.
Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e'tibor qaratilib, uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Qonun qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli qarori hamda 2017-2018 yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxona va muassasalarda davra suhbatlari, seminar va muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 1997 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Milliy xavfsizlik konsepsiyasi”da korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri deya e'tirof etilgan. «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi»da ham korrupsiyaga qarshi kurashish nuqtalari belgilangan. Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurash” to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgan. 2017 yil 8 sentyabrda qabul qilingan Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Ma'muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq davlat boshqaruvini isloh qilish natijasida takrorlash va parallelizmni tugatish orqali davlat boshqaruv tizimini optimallashtirishga erishish maqsad qilib qo‘yilgan . Mazkur farmon natijasida bir-birini takrorlovchi, umumiy vazifa va maqsadlari bir xil bo‘lgan organlar birlashtirildi yoki ularning vazifalari yangidan alohida tuzilma tashkil qilinib, shunga o‘tkazildi. Davlatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar barcha sohalarni qamrab olayotgani bois konsepsiyaga muvofiq davlatning korrupsiyaga qarshi kurash siyosatini amalga oshiruvchi organlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqkan holda optimallashtirish masalasi ham yuzaga keldi. Ana shu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yil 27 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ham maxsus komissiya zimmasiga huquqni muhofaza qilish organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan umum e'tirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini inobatga olgan holda ushbu faoliyatni tashkil etish va mazkur yo‘nalishdagi funksiyalarini optimallashtirishda yagona yondashuvlarni joriy etish orqali tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida shu xususda to‘xtalib, parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishda mas'ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qildi . Shu munosabat bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida davlat organi tashkil etish masalasi jamoatchilikning qizg‘in muhokamasidan o‘tganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 martda qabul qilingan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi farmonida ham aks etdi .
Ko‘rinib turibdiki, hozirgi kunda davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yangi islohotlar amalga oshirishga ob'ektiv zarurat mavjud. Chunki korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tartibga soluvchi yetarli huquqiy baza mavjud bo‘lsa-da, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar mukammal emas. Shu nuqtai nazardan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning funksiyalarini optimallashtirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ orqali korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish imkoniyati mavjud. Biroq buning uchun, avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organning faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy asoslarni har jihatdan mukammal qilib ishlab chiqish lozim.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning yanada samarali bo‘lishi uchun, shuningdek, bu sohada ilg‘or xorijiy tajribaga murojaat qilgan holda qonunchilikni takomillashtirish maqsadida yangi tashkil etiladigan organning faoliyati yuzasidan quyidagi takliflar beriladi:
Huquqiy maqomi bo‘yicha:
korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organni alohida tergov organi sifatida qilish va uning faoliyatini qonun bilan tartibga solish, xususan, mazkur organga tashqi tarafdan hyech qanday ta'sir o‘tkazilmasligini, uning ishlariga aralashilmasligini bilan kafolatlash;
organ o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdorligini belgilab qo‘yish, organning yuqori mansabdor shaxslarini Prezident tomonidan tayinlanishi va bu nomzodlarning Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanish tartib-taomilini belgilash;
korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organni bir huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki ijro hokimiyati huzurida tashkil etmagan holda tuzish. Chunki bunday holatda organ bilan u huzurida tashkil etilayotgan organ o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi, uning mustaqilligi muayyan darajada ta'minlanmasligi mumkin. Misol uchun, asosiy vazifalaridan biri korrupsiyaga qarshi kurashish hisoblanadigan Iqdisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavoziminidan ozod qilinadi. Departament boshlig‘ining o‘rinbosarlari Departament boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Departamentning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari boshliqlari Departament boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Bu holat korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga qo‘yilgan xalqaro standartlarga mos emas. Binobarin, Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida konvensiyasi 6-moddasiga muvofiq har bir ishtirokchi Davlat korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ yoki organlarga ular har qanday nomaqbul ta'sirdan xoli sharoitlarda o‘z vazifalarini samarali bajarishlari mumkin bo‘lishi uchun, o‘z huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq, zaruriy mustaqillikni ta'minlashi lozim .
Vakolat doirasi bo‘yicha:
Singapur va Gongkongning korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ uchta eng muhim vakolatlarni, ya'ni korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, bunday jinoyatlarning barcha turini tergov qilish va jamiyatda korrupsiya qarshi huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishni o‘zida birlashtirishi lozim.
Ana shunda mazkur organ faqat korrupsiya oqibatlari bilan kurashmasdan, bunday jinoyatlarning profilaktikasini ham o‘zi amalga oshiradi;
organ tomonidan barcha korrupsiyaviy jinoyatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, tezkorqidiruv tadbirlari o‘tkazish, dastlabki tergov va surishtiriv olib borilishi maqsadga muvofiq;
tashkil qilinadigan organning to‘la mustaqilligi ta'minlash uchun unga korrupsiyaviy jinoyatlar bilan bog‘liq har qanday shaxsni (ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka nisbatan immunitetga ega bo‘lgan respublika darajasidagi mansabdor shaxslarni Prezident roziligi bilan) tergov qilish vakolatini berish;
sudyalar, prokurorlarning korrupsiyaga oid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan qo‘zg‘atilishi mumkinligini belgilash;
tashkil qilinadigan organ u tergov qilayotgan korrupsiyaviy jinoyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa jinoyatlarni ham tergov qilish vakolatiga ega bo‘lishi kerak;
qonunchilikda organning maxsus vazifalarini, xususan, mansabdor shaxslarning mol-mulk deklaratsiyalarini o‘z vaqtida topshirilishini nazorat qilish, ularning qonuniyligini tekshirib borish, deklaratsiyalarni to‘ldirish yuzasidan ko‘rsatmalar berish, ularning ochiqligi ta'minlashni belgilab qo‘yish;
organ tomonidan anonim murojaatlarning ko‘rib chiqish tartibini ishlab chiqish. Qonunchiligimizga korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yangi usullarni nazarda tutuvchi o‘zgarishlarni kiritmoqchi ekanmiz, mazkur jarayonda e'tibor berilishi lozim bo‘lgan yana bir jihat organ tomonidan anonim murojaatlarni ko‘rib chiqish masalasidir. PF-5729-sonli farmon bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturida korrupsiya faktlari haqida anonim xabarlarni o‘rganish imkoniyatlarini nazarda tutuvchi tashkiliy choratadbirlar ishlab chiqilishi belgilangan . Korrupsiya qarshi kurashish mexanizmi qanchalik yaxshi tashkil etilmasin, agar fuqarolarning ongida korrupsiyaga qarshi immunitet shakllanib, ular korrupsiya holatlariga nisbatan murosasiz munosabat bo‘lmas, jamiyatda sodir etiladigan har qanday korrupsiya holatlarining o‘zlariga ham zarari borligini his qilmas ekan, natija kutilganidek bo‘lmaydi. Korrupsiyaviy jinoyatlar latentlik xususiyatiga ega bo‘lganligi uchun uni ochish birmuncha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Misol uchun, bir yilda sodir qilinadiga barcha poraxo‘rlik jinoyatlarini 100% deb hisoblasak, ularning atigi 0.1-2 foizigina ochiladi, xolos . Shu nuqtai nazardan ham samaradorlikni oshirish maqsadida anonim murojaatlarni ko‘rib chiqishning tartib-taomillarini belgilab olish lozim. Chunki korrupsiyaga kurashishda asosan fuqarolar yordamiga tayaniladi, bu holatda ular o‘z murojaatini anonim tarzda yo‘llashni afzal ko‘rishi mumkin. Masalan, Gongkongda korrupsiya haqidagi xabarlarning 75 foizi anonim manbalardan keladi . Bunday murojaatlarni ko‘rib chiqishning aniq tartib-taomillari
Gongkong qonunchiligida belgilab qo‘yilgan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida anonim murojaatlarni ko‘rib chiqishning aniq mexanizmlari mavjud emas. Xususan, JPK 323-moddaga ko‘ra anonim xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab bo‘la olmaydi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasiga muvofiq, anonim murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi . Vaholanki, bunday murojaatlar ham korrupsiyaning oldini olishda katta ahamiyat kasb etishi mumkin. Shunday holatlarni nazarda tutib, Istanbul harakatlar rejasining 20-monitoring uchrashuv yakunlari bo‘yicha hisobotda ehtimoliy jinoyatlar haqidagi murojaatlarni majburiy ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni qonunchilikka kiritish tavsiya qilingan .
Organ faoliyati ustidan nazorat bo‘yicha:
organ tomonidan qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni prokuratura organlari amalga oshirilishi, organning o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yilda 2 marta hisobot berishini belgilab qo‘yish;
organ o‘z faoliyatida mustaqil bo‘lishi, shuningdek, keng vakolatlarga ega bo‘lishi munosabati bilan uning o‘ziga xos “yopiq tashkilot” yoki “mustaqil hokimiyat”ga aylanib qolishining oldini olish maqsadida Gongkong va Litva Respublikasi tajribalariga tayangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tomonidan uning faoliyatini doimiy monitoring qilish institutini joriy qilish lozim.
Umuman, dunyo siyosatidagi bu qusurni ya'ni korrupsiyani tuzatish shart! Nafaqat bizning jamiyat, balki butun dunyo jamiyatlari bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak endi. Insonning insondek yashab o‘tishi uchun muayyan moddiy-ma'naviy daraja kifoya qilishini insonga yoshligidan uqtirmoq kerak. Shunda u yuzidagi insonlik pardasini shilib tashlab boy bo‘lishga intilmaydi, mansabga o‘tirish uchun otasini sotishga tayyor kun kechirmaydi. Bir kosa ovqat-u ikki uchta kiyim, bitta boshpana bilan ham baxtli bo‘lishini bilgan insonning korrupsiyaga ehtiyoji qolmaydi.
Jo‘shqin BADALOV
Quyi Chirchiq tuman adliya bo‘limi boshlig‘i