Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb kilganlik uchun javobgarlik qanday?


Voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb kilganlik uchun javobgarlik qanday?

Bugungi kunda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi katta yoshdagilar ta'sirida sodir etilmoqda. Voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar, ayniqsa, jinoyat qilishga jalb etishning ijtimoiy xavfliligi juda yuqori xisoblanadi, chunki voyaga yetmagan vaqtida jinoyat sodir etganlarning kelajakda retsidivist bo‘lish ehtimoli bir necha barobar ortadi. Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat sodir etishga dalolat qilish, jalb etish o‘smirlar va yoshlar jinoyatchiligining o‘sishiga ta'sir ko‘rsatadi. Voyaga yetmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning chorak qismi kattalar bilan birgalikda amalga oshirilgan.

Voyaga yetmaganlar ruhiy va ma'naviy jihatdan shaxs sifatida to‘liq shakllanmagan bo‘lib, ular alohida muhofaza va e'tiborga muhtojdirlar.

Shundan kelib chiqib, voyaga yetmaganlar huquq va manfaatlarini ta'minlashda ijtimoiy-huquqiy himoya, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 127-moddasida nazarda tutilgan jinoiy-huquqiy kafolatlar alohida o‘rin tutadi.

Demak, Jinoyat kodeksining 127-moddasi bo‘yicha voyaga yetgan shaxs voyaga yetmagan shaxsni spirtli ichimliklar iste'mol qilishga, giyohvandlik vositalari va ularning analoglari yoki psixotrop hisoblanmagan, lekin kishining aql-idrokiga ta'sir qiladigan vosita va moddalarni iste'mol etishga (1-qism), giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar iste'mol etishga (2-qism) yoxud ma'lum bir jinoiy xatti-harakatlarni bajarishga jalb qilishga qaratilgan harakatlar jinoyat deb tushuniladi.

Voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar ichida voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish jinoyati markaziy o‘rinlardan birini egallaydi. Bu, bir tomondan, mazkur jinoyat ijtimoiy xavflilik darajasi yuqoriligi bilan, ikkinchi tomondan, kattalarning voyaga yetmagan shaxslarni jinoyatga jalb qilishdan manfaatdorligi bilan izohlanadi. Zero, aksariyat hollarda kattalar voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish orqali javobgarlikni chetlab o‘tish maqsadini ko‘zlaydilar.

Darhaqiqat, voyaga yetmagani jinoyatga jalb qilish tushunchasiga to‘xtalib o‘tamiz.

“Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb qilish” tushunchasini to‘g‘ri talqin qilish va mazkur jinoyatning asosiy belgilarini aniqlash ushbu normaning amalda bir xil qo‘llanilishida hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda birlamchi me'zon bo‘lib xizmat qiladi. Biroq, shunga qaramay amaldagi qonunchilik normasi dispozitsiyasi oddiy shaklda bo‘lib, unda voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish tushunchasi ochib berilmagan. Bu esa mazkur normaning huquqiy mazmuniga ta'sir etishi hamda qonun normasining turlicha talqin etilishiga olib kelishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda, norma qo‘llanilishida yuzaga keladigan qator anglashilmovchiliklar hamda noto‘g‘ri talqin qilinishning oldini olish maqsadida modda dispozitsiyasini tasvirlov shaklida ifodalab, mazkur tushuncha mazmunini yoritib berish maqsadga muvofiqdir.

Qonunchilikdagi ushbu bo‘shliqni nazariy jihatdan to‘ldirishga urinishlar bo‘lgan bo‘lsada, biroq voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish tushunchasiga berilgan umumiy ta'rif mavjud emas.

Fikrimizcha, voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb etish deganda ijtimoiy xavflilik darajasidan qat'i nazar har qanday jinoyatni sodir etishga undash, qiziqtirish va bunga moyillik tug‘dirish, shuningdek, jinoyatni sodir etishda ishtirokchi sifatida jalb etish nazarda tutilishi lozim. Jalb qilish tushunchasining asosini jalb qilish shakl va usullari tashkil etadi.

Shu bilan bir qatorda, voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish tushunchasini to‘la yoritish uchun hamda mazkur turkumdagi jinoyatlarni tasniflashda va unga jazo tayinlashda voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish turi va usulini ham e'tiborga olish lozim. Nazariya va amaliyotda voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb qilishning ikki turi qayd etiladi:

1) umumiy – bunda voyaga yetgan shaxs jinoyat olamini yangi ishtirokchilar bilan to‘ldirish maqsadida umumiy targ‘ibotni amalga oshiradi, ya'ni yalpi ravishda jinoyat sodir etishga undaydi. Bunday targ‘ibot ko‘p hollarda jinoyatning muayyan turini sodir etishga yo‘naltirilgan bo‘ladi;

2) aniqlashtirilgan – bunda voyaga yetmagan shaxs jinoyatda ishtirokchi sifatida jalb etiladi yoxud jinoyatni mustaqil ravishda bajarish uchun voyaga yetmagan shaxsda qasd shakllantiriladi. Jinoyatga jalb qilishning mazkur turini malakalashda bir qator qiyinchiliklarga duch kelinadi, chunki aksariyat hollarda bu turdagi jinoyatlarda boshqa jinoyat bilan qo‘shimcha malakalanish talab etiladi. Aniqlashtirilgan jalb qilish o‘z mantiqiy rivojlanishida uch bosqichni qamrab oladi: jinoyat sodir etish niyatini tug‘dirish maqsadida voyaga yetmagan shaxs ruhiyatiga ta'sir etish; voyaga yetmagan shaxsda shu niyatning tug‘ilish; voyaga yetmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilishi. Biroq jinoyat tarkibi xususiyatlaridan kelib chiqib, qayd etib o‘tish joizki, mazkur jinoyat o‘z mantiqiy rivojlanishining birinchi bosqichidayoq tugallangan hisoblanadi.

Jalb qilish turli usulda amalga oshirilishi mumkin. Jumladan, va'da berish, aldash, jismoniy yoki ruhiy zo‘rlik ishlatish va boshqa harakatlar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Va'da berish shaxsning voyaga yetmagan shaxsga nisbatan biror bir majburiyatni olishini, ya'ni uning manfaatlari yo‘lida ma'lum bir harakatni amalga oshirishi yoki amalga oshirishdan o‘zini tiyishini aytishda ifodalanadi (masalan, voyaga yetmagan shaxsni boshqalardan himoya qilishga, moddiy yordam berishga, o‘qishga kiritishga va'da berish).

Aldash voyaga yetmagan shaxsni biror bir ma'lumot yoki voqyeani chalg‘itib ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.

Jismoniy zo‘rlik ishlatish voyaga yetmagan shaxsni uning irodasini sindirib, ma'lum bir harakatni amalga oshirishga majburlash maqsadida do‘pposlash, turli darajadagi tan jarohatlari yetkazish yoki boshqacha tarzda jismoniy azob berish (bog‘lash, qo‘lini qayirish va b.)da ifodalanadi. Agar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qo‘llanilgan jismoniy zo‘rlik (jalb qilish usuli sifatida) Jinoyat kodeksi Maxsus qismida nazarda tutilgan alohida jinoyat tarkibini tashkil qilsa, sodir etilgan qilmish yetkazilgan tan jarohatining darajasiga muvofiq Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyatlar jami sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, 127 va 105-moddalar bilan).

Ruhiy zo‘rlik ishlatish g‘ayriijtimoiy harakatlarga jalb qilish usuli sifatida voyaga yetmagan shaxsning ma'lum harakatlarni amalga oshirishni rad etganda unga nisbatan jismoniy zo‘rlik (do‘pposlash, qiynash va b.) ishlatilish, mulkiy zarar yetkazish, uni sharmanda qiluvchi ma'lumotlarni tarqatish, do‘stlikni tugatish va boshqalarni aytishda ifodalanadi.

Qo‘rqitish turli usullar orqali amalga oshirilshi mumkin hamda aytilgan qo‘rqitish alohida jinoyat (masalan, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) tarkibini tashkil etsa, jalb qiluvchi shaxsning harakatlari jinoyatlar jami tariqasida (masalan, JK 112 va 127-moddalar bilan) kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda voyaga yetmagan shaxs qo‘rqitishni jiddiy qabul qilib, unda qo‘rqitishning amalga oshirilishidan qo‘rqish uchun real asos mavjud bo‘lgan bo‘lishi lozim.

Moddiy qaramlik sub'ektning jinoyat sodir etishga majbur qilgan shaxsga moddiy jihatdan to‘la yoki qisman qaramligida (qaramog‘ida ekanligi, undan qarzdorligi) ifodalanadi.

Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy harakatlarga jalb qilishning boshqacha usullari deganda taklif qilish, so‘rash, ko‘ndirish, pul bilan o‘ziga og‘dirish, shuningdek, unga “kattalar ishi”ni qilolmasligini yoki atrofdagilar oldida uning obro‘yi oshishini aytsh orqali jinoyat sodir qilishga qiziqish uyg‘otish va boshqalar tushuniladi.

Xorijiy tajribasi qanday?

Voyaga etmaganlarni jinoyatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq jinoyat-huquqiy qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda xorijiy davlatlar qonunchiligini tahlil etish zarur bo‘ladi. Bu esa tahlil davomida voyaga yetmaganlar manfaatlarining buzilishi bilan bog‘liq ma'lumotlarni baholash, sanksiyalar hamda javobgarlikni belgilovchi moddalarni sharhlash imkoniyatini yaratadi. Shuning uchun ko‘rib chiqilayotgan harakatlar uchun javobgarlik borasidagi xorijiy qonunchilik tajribasini o‘rganishga ehtiyoj bor.

Deyarli barcha MDH davlatlarida voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yoki jinoyatga jalb qilish xususidagi normalar mavjud bo‘lib, qizig‘i, tahlil qilingan qonunlarning deyarli barchasida, xususan Ozarbayjon Respublikasi JKning 170-modda ikkinchi qismi, Armaniston Respublikasi JKning 165-modda uchinchi qismi, Qozog‘iston Respublikasi JKning 131-modda uchinchi qismi, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining

156-modda uchinchi qismi, Moldova Respublikasi JKning 208-modda uchinchi qismi, Belarus Respublikasi JKning 172-modda ikkinchi qismi, Rossiya Federatsiyasi JKning 150-modda uchinchi qismi, Tojikiston Respublikasi JKning 165-modda uchinchi qismi, Turkmaniston Respublikasi JKning

155-modda uchinchi qismida voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yoxud jinoyatga zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib jalb qilganlik uchun alohida og‘irlashtiruvchi normalar ko‘zda tutilgan. MDH davlatlari qonunchiligida voyaga yetmagan shaxsning jismoniy va ma'naviy sog‘ligi, barkamolligini ta'minlashga qaratilgan normalarga alohida urg‘u berilgan.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etishni jinoyat sifatida baholovchi qator belgilar nazarda tutilgan:

jinoyatning ota-ona, o‘qituvchi yoki voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlar yuklangan boshqa shaxs tomonidan sodir etilishi;

zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan;

voyaga yetmagan shaxsni jinoiy guruhga yoki og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilishga jalb qilish kabilar shular jumlasidandir.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 150-moddasi ikkinchi qismida jinoyat sub'eektini tavsiflovchi qo‘shimcha belgilar mustahkamlab qo‘yilgan. Bu qism bo‘yicha voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash majburiyati mavjud shaxslargina javobgarlikka tortilishi mumkin. Jinoyat qonunida bu shaxslar tomonidan voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etganlikning yuqori ijtimoiy xavfi – ularning oila munosabati a'zolari yoki muayyan kasbiy malakaga ega bo‘lganliklari bilan emas, balki qonun bilan ularga o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash bo‘yicha muhim ijtimoiy funksiyalar yuklanganligi va ular buni qo‘pol ravishda buzganliklari bilan izohlanadi.

Shu bilan bir qatorda Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksida ham voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga hamda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste'mol qilishga jalb qilish Rossiya Fedratsiyasi Jinoyat kodeksida bo‘lgani kabi alohida moddalar bilan tartibga solingan. Moldovaning Jinoyat kodeksida esa voyaga yetmagan shaxsni jinoiy faoliyatga jalb etish yoki ularda axloqqa zid harakatlarga og‘dirish bitta modda (Moldova Respublikasi Jinoyat kodeksi 208-moddasi) tarkibiga kiritilgan va og‘irlashtiruvchi asos sifatida quyidagilar keltirilgan:

1.      Ota-ona, o‘qituvchi yoki qonun bilan voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash majburiyati yuklangan boshqa shaxs tomonidan jinoyatga jalb qilish;

2.      zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan;

3.      voyaga yetmagan shaxsni og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarga yoki uni jinoiy guruhga jalb etish.

Bu borada esa milliy qonunchiligimizni takomillashtirish bo‘yicha nazariy va amaliy tadqiqotlar olib borilmay, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi

127-moddasida jalb qilish usullari xususida asoslar yetarli emasligi bois, jalb qilish jarayoniga ortiqcha huquqiy baho berib o‘tirishmaydi. Albatta, bunda ularning aybi yo‘q, chunki qonun normasida ko‘zda tutilmagan xolat uchun ular aybdor shaxsni javobgarlikka tortishga haqli emas.

Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Umumiy qismi 55-moddasida jazoni yengillashtiruvchi holatlarning “g” bandida “majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoxud boshqa jihatdan qaramlik sababli jinoyat sodir etish” haqida norma mavjud bo‘lib, mazkur xolatda qo‘llanishi mumkinligi to‘g‘risida e'tiroz bildirilishi mumkin. Chindan ham, shunday imkoniyat bor, biroq ushbu norma tavsiyaviy tusga ega. Bundan tashqari, u voyaga yetmagan shaxs javobgarligini yengillashtirishi mumkin. Lekin uni urib, do‘pposlagan, qo‘rqitgan shaxsning harakatlariga yetarlicha huquqiy baho berish imkoniyati mavjud emas. Bizningcha, bu jinoyat qonunidagi yaqqol huquqiy bo‘shliq. Zotan, xatto yetuk olim va huquqshunoslar, amaliyot xodimlari ham voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb etish uchun unga nisbatan jismoniy zo‘rlikni qo‘llash yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish, qo‘rqitish mumkinligini ko‘rsatib o‘tishadi. Ushbu huquqiy bo‘shliqni bartaraf qilish uchun voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etishning qanday amalga oshirilganligini Jinoyat kodeksiga kiritish lozim. Chunki birinchidan, zo‘rlik ishlatib jalb qilishning boshqa usullarga qaraganda ijtimoiy xavfliligi ancha yuqori hisoblananib, buning natijasida shaxsga nisbatan ma'lum bir ma'noda jismoniy yoki ruhiy shikast yetkazilishi mumkin. Bundan tashqari, zo‘rlik ishlatish orqali jalb etish orqali voyaga yetmagan shaxs jismoniy va ruhiy azoblanishi va erkinligidan mahrum bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, jalb etishning qanday usulda amalga oshirilganligini belgilash sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavfliligi darajasini aniqlashga yordam beradi. Fikrimizcha, ushbu taklif qilingan qo‘shimchalar mavjud bo‘shliqni bartaraf etib, amalda huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga voyaga yetmagan shaxslar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jinoyat sodir etishdagi o‘rni va maqomini to‘g‘ri aniqlashtirish, shuningdek, qilmishni to‘g‘ri va odilona tavsiflash va ularga jazo tayinlash vaqtida haqqoniy baho berish imkonini yaratadi.

Turkmaniston va Tojikiston jinoyat kodekslarida zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish Rossiya Federatsiyasining Jinoyat kodeksida belgilangan qoidaga aynandir.

Moldova Jinoyat kodeksida mazkur jinoyat zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan voyaga yetmagan shaxsni uyushgan jinoiy guruh yoki jinoiy faoliyatga jalb etish bilan bir darajada berilgan bo‘lib ular uchun bir xil sanksiya nazarda tutilgan. Ozarbayjon Respublikasining Jinoyat kodeksida ham ayni norma qayd etilgan biroq unda voyaga yetmagan shaxsni jinoiy faoliyatga va uyushgan guruhga jalb etish ko‘zda tutilmagan bo‘lib faqatgina jinoiy guruhga jalb etgan holda differensiatsiyalashning me'zoni mavjud.

Armaniston Respublikasi Jinoyat kodeksida esa ob'ektiv tomon belgisiga ko‘ra, ya'ni zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish va jinoyat ob'ekti belgisiga ko‘ra differensiatsiyalash ya'ni ikki yoki undan ortiq shaxsni jinoyat qilishga jalb etish o‘zaro tenglashtirilgan.

Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan jalb etishni kvalifikatsiya qiluvchi masalalarda shunga e'tibor qaratish joizki, mazkur jinoyat ota-ona yoki voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash funksiyalari yuklatilgan boshqa shaxs tomonidan sodir etilganda qilmish moddaning tahlil etilayotgan qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Chunki umumnazariy yondashuvga ko‘ra maxsus kvalifikatsiya qiluvchi belgi qo‘shimcha kvalifikatsiyani taqozo etuvchi qismda ko‘zda tutilgan ijtimoiy xavflilikni o‘z ichiga qamrab oladi. Zo‘rlik ishlatib yoki uni qo‘llash tahdidi bilan voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish Belorus Respublikasi jinoyat kodeksida javobgarlikni sub'ektiv me'zon bilan bir qismda aks ettirilgan bo‘lib ularning har ikkalasi uchun bir xil sanksiya belgilangan.

Rossiya Jinoyat kodeksida yana bir kvalifikatsiya qiluvchi tarkib, ya'ni qonun voyaga yetmagan shaxsni jinoiy guruh yoxud og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatni qilishga jalb etish belgilangan.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, bir qator xorijiy davlatlarning jinoyat huquqida jalb qilinganlik uchun javobgarlik qoidalari aksariyat holatlarda juda nozik tizimga ega. Bu xorijiy davlatlar tajribasi qonunlarni qabul qilishda ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan mulohazalarni yuritishni taqozo etmoqda.

 

                                              Taklif va tavsiyalar

Yuqorida bayon etilgan fikrlarga asosan, voyaga yetmagan shaxslar huquq va manfaatlarini himoya qilishning yanada samarali mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish tushunchasini va jalb qilish usullarini ifodalash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 15 sentyabrdagi 21-sonli “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorini yangi tahrirda qabul qilish va unda voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilganlik uchun javobgarlik masalasi xususida kengroq tushuntirishlar berish, g‘ayriijtimoiy xatti-harakat va jinoyat o‘rtasida qat'iy chegarani belgilash maqsadga muvofiqdir.

Yuqoridagilarga asoslanib, aytish mumkinki, o‘rganilayotgan moddaning birinchi qismidagi xatti-harakatlarga voyaga yetmagan shaxsni jalb qilganlik ma'muriy huququbuzarlik bo‘lsa, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlaridagi xatti-harakatlar, g‘ayriijtimoiy bo‘lish bilan birga, ijtimoiy xavfli hisoblanadi, ya'ni jinoyat deb tan olinadi.

Qolaversa, sud-tergov amaliyotida ushbu moddaning birinchi qismidagi xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortish xolatlari, deyarli uchramaydi, asosan O‘zbekiston Respublikasi JKning 127-modda uchinchi qismi bilan, ya'ni jinoyatga jalb qilganlik uchun javobgarlikka tortish xolatlari nazarda tutilganligi ham 127-moddaning birinchi qismini O‘zbekiston Respublikasi MJTKga o‘tkazilishining maqsadga muvofiqligini tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu moddaning ikkinchi qismidagi giyohvandlik vositalari, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste'mol etishga jalb qilish predmeti o‘ziga xos, hamda uning qonunga xilof muomalasi yuzasidan ko‘zda tutilgan jinoyat tarkiblari JKning alohida bobida ko‘rsatib o‘tilganligi tufayli (XIX BOB. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar), O‘zbekiston Respublikasi JKning ikkinchi qismini JKning 274-modda ikkinchi qismining alohida “g” bandi qilib o‘tkazish maqsadga muvofiq. Buning natijasida, qonunchilik texnikasi qoidalariga rioya qilinib, jinoyat predmetiga ko‘ra alohida bobga ajratilgan jinoyatlar bilan bir joydan o‘rin olgan bo‘ladi.

Bulardan kelib chiqib, JK 127-moddasi ikkinchi qismidagi jinoyat tarkibini, shuningdek uchinchi qismi “a”, “b”, “v” bandlarini chiqarib tashlab, JKga alohida prim 2741-modda kiritilib, uning ikinchi qism “a”, “b”, “v” bandlari qilib o‘tkazish taklif qilinadi.

Ya'ni, 2741-modda. Voyaga yetmagani giyohvandlik vositalari va ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni iste'mol qilishga jalb etish

Voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalari va ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta'sir etuvchi boshqa moddalarni har qanday shaklda iste'mol qilishga jalb etish, –

uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu harakatlar:

a) ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

v) o‘quv yurtlarida yoki o‘quvchilar, studentlar o‘quv, sport va jamoat tadbirlarini o‘tkazadigan boshqa joylarda sodir etilgan bo‘lsa, – besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, deb berishni va yuqoridagilarni inobatga olib, biz JKning 127-moddasini esa, “JK 127- modda. Voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilish

Voyaga yetmagan shaxsni oldindan bila turib aldash, majburlash, moddiy manfaat ko‘rishni va'da qilish yoxud boshqacha yo‘l bilan jinoyat qilishga jalb etish, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) voyaga yetmagan shaxsning ota-onalar, pedagog yoki voyaga yetmaganlar tarbiyasiga mas'ul bo‘lgan shaxslar tomonidan;

b) hayot uchun havfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatish yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish orqali sodir qilinishi;

v) ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan, –besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi

Voyaga yetmagan shaxsni o‘ta og‘ir jinoyat qilishga jalb etish yoxud uyushgan guruh, jinoiy uyushmaga jalb etish – yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Quyi Chirchiq tuman adliya

bo‘limi boshlig‘i

J.I.Badalov