Янгиликлар
Yoshlar korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashadi
Yoshlar korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashadi
O‘zbekiston dunyoga islohotlar mamlakati sifatida tanilib ulgurdi. Har jabhada o‘zgarishlar, yangilanishlar kechmoqda. Boshqaruv tizimi shaffof, ochiq siyosat yuritish tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yildi. Bu korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Gap korrupsiyaga qarshi kurash haqida borar ekan, bu borada jamoatchilikning nazorati juda muhim ekanini alohida ta'kidlash kerak. Eng asosiysi, bu jarayonda yoshlarning faolligi sezilayotgani e'tiborga molik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida korrupsiyaga barham berish masalasiga alohida to‘xtalib, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi maqsadga muvofiq ekani ta'kidladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilib, uning tarkibiga yoshlar, xususan, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari jalb etilishi ham yaxshi natija berishi, shubhasiz. Chunki, yoshlarimiz vatanparvarligi, mamlakat taraqqiyotiga befarq emasligi, fidoyiligi bilan ajralib turadi. Ularda hayotbaxsh g‘oyalar, tashabbuslar ham ko‘p.
Kengashning asosiy vazifalari agentlik faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, korrupsiyaga qarshi kurashish rejalari, strategiyalari, agentlik tomonidan qabul qilingan qarorlarni mustaqil monitoring qilish va ta'sirini baholash, davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan foydalanish jarayonlarini kuzatish hisoblanadi. Bu orqali yanada ochiqlik va shaffoflikka erishish mumkin. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Kengash a'zolarining yana bir muhim vazifalaridan biri, bu — jamoatchilik, fuqarolarga korrupsion holatlar yuzasidan agentlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar berish imkonini beruvchi platforma va uning mobil ilovasini keng targ‘ib qilish. Bu orqali xalqimiz korrupsiya holatlarini tez va qulay tarzda tegishli mutasaddilarga yetkazish imkoniga ega bo‘ladi.
Albatta, barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oqibatlarini o‘rganish va oldini olish masalasi eng dolzarb vazifalardan biri. Yoshlar uchun esa eng muhim yo‘nalishlardan biri, bu – ta'lim sohasidagi va ishga kirish bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya turlariga qarshi kurashish. Sababi, mamlakatimizning 18 milliondan ziyod qismini, ya'ni qariyb 55 foizini tashkil etuvchi yoshlar aynan shu jarayonlarda korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatlarga duch kelishi mumkin.
Jamoatchilik kengashida Yoshlar parlamenti vakillarining ishtirok etishi mazkur yo‘nalishlarda yoshlar fikrlarini inobatga olib takliflar berish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda, Yoshlar parlamentining barcha a'zolari bilvosita mazkur jarayonda o‘z tashabbuslari bilan ishtirok etadi.
Hozirdanoq Yoshlar parlamentining ta'lim va ishga kirish sohasida bir nechta dastlabki takliflari shakllanganini aytish joiz.
Birinchidan, ta'limning barcha bosqichlarida inson omilini kamaytirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni majburiy qilib belgilash (kirish imtihonlari, jurnallarni yuritish, baholash va shu kabilar) taklif etiladi.
Ikkinchidan, ishga kirish bo‘yicha tanlovlar onlayn e'lon qilinishini davlat va nodavlat tashkiloti bo‘lishidan qat'iy nazar joriy qilish lozim.
Uchinchidan, ishga kirishda suhbat yoki imtihon jarayonlarini tashkilot saytlarida onlayn translyasiya qilish mexanizmini ishga tushirish va bunda translyasiya ovozli bo‘lishini inobatga olish kerak.
To‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlarning doimiy fikrini o‘rganish va maxsus so‘rovlarni tashkil etish lozim bo‘ladi. Bu jarayonda internet tarmog‘idan keng foydalanish hamda boshqa analogi bo‘lmagan yangi platforma yaratish zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, Yoshlar parlamenti korrupsiyaning jinoyat ekanini va unga nisbatan toqatsiz bo‘lish g‘oyasini yoshlar o‘rtasida «tengdosh-tengdoshga» tamoyili asosida targ‘ib qilish va bu yo‘nalishda qonunchilikka takliflar, tavsiyalar berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Prezidentimizning ta'biri bilan aytganda, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish biz — yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanishi shart.
Abdulaziz Kazimbaev
Quyi Chirchiq tuman adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi