Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan boʻshatishdagi yangilik.


3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan boʻshatishdagi yangilik.

 

Ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish deganda, amaldagi MKning 100-moddasi 2-qismidagi 7 ta bandni tushunsak, yangi tahrirdagi MKning 161-moddasi 2-qismidagi 6 ta bandni, yaʼni 6 ta asosni tushunamiz.

Hozir esa gap homilador ayollar va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan boʻshatishda ularga berilgan imtiyozlar haqida: amaldagi va yangi tahrirdagi MKlardagi farqlar haqida.

Amaldagi MKning 237-moddasiga asosan “homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno”. Bu qoidadan habardormiz toʻgʻrimi?

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 408-moddasi 1-qismiga koʻra:

➖homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

Yaʼni, agar ayol xodim homilador boʻlsa, korxonani tugatish holatlaridan tashqari, ish beruvchi tashabbusi bilan bogʻliq boshqa birorta vaj bilan uni boʻshatish mumkin boʻlmaydi: qisqartirish sababli ham, attestatsiya boʻyicha lavozimiga noloyiq deb topilganda ham, mehnat vazifalarini muntazam yoki bir marta qoʻpol buzilganda ham, va hokazo.

Yangi MKning 409-moddasi 1-qismiga koʻra:

➖3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha boʻlgan bolani yolgʻiz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga faqat ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.

Demak, yangilikka qarang: imtiyoz nafaqat onaga, balki 3 yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan otaga (vasiyga) ham berilmoqda. Lekin, bu xali asosiysi emas.

3 yoshgacha bolasi bor ayolni (va 3 yoshga toʻlmagan bolani tarbiya qilayotgan yolgʻiz otani) yangi MKning 161-moddasi 1, 4 va 5-bandlari bilan boʻshatishga yoʻl qoʻyiladi deyilmoqda. Yangi MK 161-modda 2-qismi 1-bandi bu xodimni tashkilot (yoki alohida boʻlinmasi)ning tugatilishi sababli boʻshatish asosi, bu amaldagi MK 100-moddasida ham bor, yaʼni bu unchalik yangilik emas.

 

Eʼtibor bering, yangi MKning 161-moddasi 2-qismi 4-bandi – bu xodim mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi, 5-band esa mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi munosabati bilan ishdan boʻshatish asoslaridir.

Tushunayotgan boʻlsangiz, yangi MK kuchga kirsa, 3 yoshgacha boʻlgan bolasi bor ayollarni ham mehnat vazifasini muntazam yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganligi uchun (yangi MKning 161-moddasi 2-qismi 4 va 5-bandlari bilan) ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan boʻshatish mumkin boʻladi. Asosiy yangilik shu.

Eslatib oʻtamiz, yangi MK 2023-yil 30-apreldan kuchga kiradi.

 

Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi boshlig`i Oybek Buriyev