Янгиликлар
DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARIGA YURIDIK XIZMAT KOʻRSATISH FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH
DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARIGA YURIDIK XIZMAT KOʻRSATISH FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH
Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa oʻrta va quyi boʻgʻinda huquqiy jihatdan taʻminlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat koʻrsatishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Islohatlar doirasida 2021-yil 1-oktabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat koʻrsatish markazlarini respublikaning barcha tuman (shahar)larida tashkil etildi. Davlat tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha maʻlumot va jarayonlarni toʻliq elektron ravishda yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish imkonini beruvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi va hozirgi kunda bu jarayon izchillik bilan davom etmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad bevosita manfaatlar toʻqnashivining oldini olish va hujjatlar aylanishini elektron shaklda amalga oshirishdan iborat.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri shuki, barcha hududlardagi davlat organlari va tashkilotlarining markaz bilan kelishmasdan qabul qilgan buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Yaʻni davlat organ va tashkilotlarining yuridik tusdagi har bir hujjatlari markaz bilan kelishilgan holda qabul qilishi majburiyati belgilandi.
Yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatining rahbar taʻsir doirasida boʻlishi bevosita yuridik tusdagi hujjatning mazmuni qonun talablariga emas, balki rahbar manfaatiga moslashishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, nizomda yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga boʻysunmasligi alohida belgilangan. Bu esa tegishli davlat organi va tashkilotlarida qonuniylikni taʻminlash boʻyicha mutlaqo yangi tartibni vujudga keltiradi. Eng asosiysi, yuridik xizmat xodimlari mutlaqo mustaqil holda faoliyat yuritishi va oʻzlari bergan yuridik xulosalarningqonunchilikga muvofiqligi uchun javob berishi belgilangan.
Amaliyotda tuman miqyosidagi davlat organlari va tashkilotlaridagi ayrim yuridik xizmat xodimlari oʻz funksiyaviy majburiyatlaridan tashqari boshqa ishlar bilan shugʻullanishga majbur boʻlayotganiga ham guvoh boʻlmoqdamiz. Bu esa, oʻz navbatida, yuridik xizmat xodimi faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari susayib ketishiga olib kelmoqda edi. Markazlar tashkil etilishi orqali qonuniylik taʻminlanishi bilan bir qatorda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, ularning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʻminlash va mazkur tuzilmalar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirib borish kabi eng asosiy funksiyalar bilan shugʻullanishga olib kelindi. Yaʻni yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatiga taalluqli boʻlmagan funksiya va vazifalar toʻliq olib tashlanishiga erishildi. Bu orqali yuridik xizmat koʻrsatish sifati oshdi, muhimi, mazkurlar faoliyatning izchilligi taʻminlandi.
Yana bir jihat, hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilishga oid faoliyatlarni raqamlashtirish yuridik xizmat faoliyatida ortiqcha resurs va xarajatlarni qisqartiradi. Qarorda markaz oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hujjat almashinuvi yagona elektron tizimi orqali amalga oshirishi belgilanishi amaliyoti pandemiya sharoitidan keyin ham oʻz ijobiy samarasini beryapdi. Yuridik xizmat koʻrsatishning yangi raqamlashgan platformasi markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida hujjat almashinuvining yagona elektron tizimining izchil va shaffof ishlashiga olib keldi.
Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlarining tashkil etilishi davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini taʻminlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga oid yaxlit mexanizmni shakllantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qildi, butun respublika hududida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatishning yangi modeli joriy etildi deb bemalol aytsak boʻladi.
Oʻrta Chirchiq tuman
Yuridik xizmat koʻrsatish
markazi boshligʻi A.A.Mirzayev