Янгиликлар
Markaziy apparatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha boʻlinma tashkil etilishi majburiy hisoblanadi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini
Markaziy apparatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha boʻlinma tashkil etilishi majburiy hisoblanadi
“Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–14-son, 25.01.2023-y.) qabul qilindi. Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:
· boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni (56 573 nafar);
· Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari yagona roʻyxati (jami 69 ta, shundan vazirliklar – 21 ta, qoʻmitalar – 12 ta, agentliklar – 25 ta, inspeksiyalar – 11 ta).
Vazirlik va idoralar tizimida jami 17 447 ta shtat birliklari qisqartirilib, ularning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha boshqaruv shtat birliklarini kiritish qatʼiyan taqiqlanadi. Shuningdek, Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda tarkibiy boʻlinmalarni shakllantirish hamda lavozimlarni joriy etishga oid yagona talablar tasdiqlandi. Jumladan, rahbar xodimlar va ijrochilar nisbati markaziy apparat boʻyicha kamida 1/3 nisbatda boʻlishi lozim. Vazirlarning faoliyatini strategik vazifalarni hal etishga yoʻnaltirish maqsadida ular faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahlil, nazorat va protokol jihatdan taʼminlaydigan Vazir kotibiyati tashkil qilinishi mumkin. Markaziy apparatlarda quyidagi tarkibiy boʻlinmalar (lavozimlar) tashkil etilishi majburiy hisoblanadi:
· strategik rejalashtirish va metodologiya;
· jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmatlari);
· inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish;
· axborot tahlil va ijro intizomi;
· murojaatlar;
· axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish
va raqamlashtirish;
· yuridik taʼminlash;
· korrupsiyaga qarshi kurashish;
· moliya-iqtisod;
· xalqaro hamkorlik va reytinglar;
· birinchi boʻlim.
Farmonga koʻra shuningdek, vazirlik va idora faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtirishni nazarda tutuvchi Prezident hujjati loyihasi ishlab chiqiladi.
Sh.Qo`ziyev
O`rta Chirchiq tuman
adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi