Янгиликлар
Nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi boʻyicha tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayoni elektronlashtiriladi
Nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi boʻyicha tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayoni elektronlashtiriladi
“Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–14-son, 20.01.2023-y.) qabul qilindi. Qaror bilan Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023–2027-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
· aholi orasida OIV infeksiyasini faol aniqlash maqsadida 15 ta OITSga qarshi kurash markazlari va ularning 63 ta tumanlararo diagnostika laboratoriyalarini soʻnggi avlodga mansub diagnostik test-tizimlar (IFA) bilan uzluksiz taʼminlash;
· migrantlarni OIV infeksiyasini ixtiyoriy tekshirish bilan qamrab olishni kengaytirish;
· OIVning onadan bolaga yuqishining oldini olish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tugʻilgan 6 oylikkacha boʻlgan bolalarni quruq sut aralashmasi bilan uzluksiz taʼminlash;
· OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
Qarorga koʻra, nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi boʻyicha majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish maqsadida:
2023-yil 1-iyungacha Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida;
2023-yil yakunigacha boshqa hududlarda FHDYO organlari va tegishli tibbiyot muassasalari oʻrtasida elektron hamkorlik tashkil qilinadi.
2023-yil yakunigacha OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini taʼminlash, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratiladi.
J.Turaev
O`rta Chirchiq tuman
adliya bo`limi bosh maslahatchisi