Янгиликлар
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʼlash tartibi
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʼlash tartibi
Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda 1136-son bilan davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan Davlat ijtimoiy sugʼurtasi boʼyicha nafaqalar tayinlash va toʼlash tartibi toʼgʼrisidagi nizomning 26-bandiga asosan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qatʼi nazar ish haqining 100 foizi miqdorida quyidagilarga toʼlanadi:
ishlayotgan 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga;
baynalminal jangchilarga va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga;
qaramogʼida 16 yoshga (oʼquvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari boʼlgan xodimlarga;
Chernobil АESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga;
Chernobil АESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va koʼchirilgan, qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (oʼtkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli oʼsmalar bilan bogʼliq kasalliklarga chalingan xodimlarga;
mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz boʼlgan xodimlarga.
Shuningdek ushbu nizomning 27-bandiga asosan ijtimoiy ahamiyatga ega boʼlgan kasalliklar (sil kasalligi, onkologiya kasalliklari, yangidan paydo boʼladigan xatarli oʼsimtalar, jinsiy yoʼl bilan oʼtadigan kasalliklar, SPID, moxov (lepra) kasalligi, ruhiy kasalliklar) boʼyicha hisobda turgan xodimlarga ular tomonidan davlat ijtimoiy sugʼurta badali toʼlagan davrining (umumiy ish stajining) davomiyligiga bogʼliq ravishda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda toʼlanadi:
a) umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq boʼlgan xodimlarga ish haqining 100 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 5 yildan 8 yilgacha boʼlgan xodimlarga ish haqining 80 foizi miqdorida;
v) umumiy ish staji 5 yilgacha boʼlgan xodimlarga ish haqining 60 foizi miqdorida.
Mazkur Nizomning 26 va 27-bandlarida nazarda tutilgan xodimlardan tashqari qolgan xodimlarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʼyicha nafaqa quyidagi miqdorlarda toʼlanadi:
a) umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq boʼlgan xodimlarga hamda 21 yoshga yetmagan chin (sagʼir) yetimlarga ish haqining 80 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 8 yilgacha boʼlgan xodimlarga ish haqining 60 foizi miqdorida.
Bekobod shahar adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti: J.Norqo’ziyev