Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan bo‘shatishdagi yangilik.


3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan bo‘shatishdagi yangilik.

Ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish deganda, amaldagi MKning 100-moddasi 2-qismidagi 7 ta bandni tushunsak, yangi tahrirdagi MKning 161-moddasi 2-qismidagi 6 ta bandni, ya’ni 6 ta asosni tushunamiz.

Hozir esa gap homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatishda ularga berilgan imtiyozlar haqida: amaldagi va yangi tahrirdagi MKlardagi farqlar haqida.

Amaldagi MKning 237-moddasiga asosan "homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno". Bu qoidadan habardormiz to‘g‘rimi?

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 408-moddasi 1-qismiga ko‘ra:

homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

Ya’ni, agar ayol xodim homilador bo‘lsa, korxonani tugatish holatlaridan tashqari, ish beruvchi tashabbusi bilan bog‘liq boshqa birorta vaj bilan uni bo‘shatish mumkin bo‘lmaydi: qisqartirish sababli ham, attestatsiya bo‘yicha lavozimiga noloyiq deb topilganda ham, mehnat vazifalarini muntazam yoki bir marta qo‘pol buzilganda ham, va hokazo.

Yangi MKning 409-moddasi 1-qismiga ko‘ra:

3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga faqat ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.

Demak, yangilikka qarang: imtiyoz nafaqat onaga, balki 3 yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan otaga (vasiyga) ham berilmoqda. Lekin, bu xali asosiysi emas.

3 yoshgacha bolasi bor ayolni (va 3 yoshga to‘lmagan bolani tarbiya qilayotgan yolg‘iz otani) yangi MKning 161-moddasi 1, 4 va 5-bandlari bilan bo‘shatishga yo‘l qo‘yiladi deyilmoqda. Yangi MK 161-modda 2-qismi 1-bandi bu xodimni tashkilot (yoki alohida bo‘linmasi)ning tugatilishi sababli bo‘shatish asosi, bu amaldagi MK 100-moddasida ham bor, ya’ni bu unchalik yangilik emas.

E’tibor bering, yangi MKning 161-moddasi 2-qismi 4-bandi – bu xodim mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi, 5-band esa mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi munosabati bilan ishdan bo‘shatish asoslaridir.

Tushunayotgan bo‘lsangiz, yangi MK kuchga kirsa, 3 yoshgacha bo‘lgan bolasi bor ayollarni ham mehnat vazifasini muntazam yoki bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun (yangi MKning 161-moddasi 2-qismi 4 va 5-bandlari bilan) ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish mumkin bo‘ladi. Asosiy yangilik shu.

Eslatib o‘tamiz, yangi MK 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradi.

Bekobod tumani adliya bo‘limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi bosh maslahatchisi

Musayev Sunnatillo Soibjonovich