Янгиликлар
Ayrim tumanlarda tadbirkorlar uchun foyda soligʻi 1 foiz etib belgilanadi
Ayrim tumanlarda tadbirkorlar uchun foyda soligʻi 1 foiz etib belgilanadi
“Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan:
- respublikaning 208 ta tuman va shaharlari 5 ta toifaga ajratiladi;
- tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar beriladi.
2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha soliq solishning quyidagi tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi:
- 5-toifadagi (quyidagi jadvalda keltirilgan) tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar:
- foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.
Yirik soliq toʻlovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Shuningdek, 5-toifadagi tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan YATTlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini toʻlashdan ozod qilinadi.
Oqqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi
bosh maslaxatchisi: S.Yuldashev