Янгиликлар
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish
Agar davlat kontraktida shartnoma loyihasini tayyorlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki shartnoma loyihasi sotib oluvchi tomonidan taqdim qilingan bo‘lmasa, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) biriktirish to‘g‘risidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan sotib oluvchiga davlat buyurtmachisidan bildirish xati olingan vaqtdan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasining loyihasini yo‘llashi lozim. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasining loyihasini olgan taraf kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va shartnomaning bir nusxasini ikkinchi tarafga qaytaradi, shartnoma shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lganda esa xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan birgalikda boshqa tarafga yuboradi. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini kelishmovchiliklar bayonnomasi bilan olgan taraf o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishi, shartnoma shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi va unga shartnomani kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Manfaatdor taraf hal qilinmagan kelishmovchiliklarni o‘ttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin. Agar mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortsa, sotib oluvchi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ni sotib oluvchi ishlab chiqqan shartnoma loyihasi shartlarida shartnoma tuzishga majbur qilish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega. Sotib oluvchi biriktirish haqidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan tovarlardan hamda ularni yetkazib berish shartnomasini tuzishdan to‘liq yoki qisman bosh tortish huquqiga ega. Bunday holda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bu haqda darhol davlat buyurtmachisiga ma’lum qilishi lozim va davlat buyurtmachisidan boshqa sotib oluvchini o‘ziga biriktirish to‘g‘risida bildirish xati berishni talab qilish huquqiga ega. Davlat buyurtmachisi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ning bildirish xatini olgan kundan boshlab kechi bilan o‘ttiz kun ichida yo mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga boshqa sotib oluvchini biriktirish to‘g‘risida bildirish xati beradi, yoki mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga tovarlarni kim olishi ko‘rsatilgan jo‘natish raznaryadkasini yuboradi, yoxud tovarlarni qabul qilish va haqini to‘lashga roziligini xabar qiladi. Davlat buyurtmachisi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) yo davlat buyurtmachisidan tovarlarni qabul qilish va haqini to‘lashni talab qilish, yoki tovarlarni o‘z ixtiyori bilan realizatsiya qilib, tovarlarni realizatsiya qilish bilan bog‘liq oqilona xarajatlarni davlat buyurtmachisiga yuklash huquqiga ega.
Ohangaron shahar adliya
bo`limi bosh maslahatchisi O.Annakulov