Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Ohangaron shahar hududida oʻtkazilgan ommaviy sayyor va boshqa qabullarda hamda yakka tartibda kelib tushayotgan murojaatlarda “Koʻp bolali oilalarga qanday imtiyozlar berilgan?”ligi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar soʻralgan.


         Ohangaron shahar hududida oʻtkazilgan ommaviy sayyor va boshqa qabullarda hamda yakka tartibda kelib tushayotgan murojaatlarda “Koʻp bolali oilalarga qanday imtiyozlar berilgan?”ligi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar soʻralgan.

Avval “koʻp bolali oila” atamasi turli normativ hujjatlarda turlicha talqin qilinardi. Shu tufayli huquqni qoʻllash amaliyotida birxillik mavjud emasdi, ijtimoiy adolat tamoyili buzilardi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 5-oktabrdagi OʻRQ-640-sonli Qonuni bilan “koʻp bolali oila” terminining yagona tushunchasi kiritildi, ayrim imtiyozlar va kafolatlar aniqlashtirildi. Oila kodeksi 4-1-moddasiga koʻra, toʻrt nafar va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila koʻp bolali oiladir. Bunda, agar toʻrt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan koʻprogʻi taʼlimning kunduzgi shaklida (oʻrta maxsus va professional, oliy taʼlim) taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotgan hamda yigirma ikki yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila deb hisoblanadi.

Davlat koʻp bolali oilalarga turli imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini taʼminlaydi.

Xususan:

Koʻp bolali oilalarning ota-onalariga ishga joylashishda kafolatlar nazarda tutilgan. Mehnat kodeksi 68-moddasiga koʻra, davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarga, shu jumladan oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari, nogironligi boʻlgan bolalari bor yolgʻiz otaga yoki onaga, shuningdek koʻp bolali oilalarning ota-onalariga qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi.

Ish beruvchi ish joylarining belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga joylashtirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy mehnat organlari va boshqa organlar tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz rad etgan ish beruvchi va uning vakolatli shaxslari belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 50-moddasi (Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish)
2-qismiga koʻra, mahalliy mehnat organlari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) mavjud boʻlgani holda asossiz ravishda rad etish, shuningdek ish oʻrinlarining belgilangan eng kam soni hisobidan ish oʻrinlariga ishga joylashtirishni asossiz ravishda rad etish, xuddi shuningdek avval talabnoma berilgan, kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha
(6 million soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Agar ushbu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha (9 million soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 38-moddasida ham davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlashi mustahkamlangan. Qonunga koʻra koʻp bolali oilalarning ota-onalari aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qaroriga 1-ilova “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra ham koʻp bolali oilalar muhtojlar toifasiga kiradi.

Muhtojlar uchun ish oʻrinlarining eng kam soni tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan belgilanadi, shuningdek, tashkilotlar tomonidan zaxiraga qoʻyiladi. Ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha soni yigirma nafar kishidan ortiqni tashkil etadigan tashkilotlar uchun nazarda tutiladi.

Tashkilotlar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalarini (shu jumladan, koʻp bolali oilalarni ham) muhtojlar uchun tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan belgilangan zaxiraga qoʻyilgan ish oʻrinlari sonidan kelib chiqib ishga joylashtirishi shart.

Bunda, bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari bajarilishini birga qoʻshib olib borish imkonini beruvchi ishning moslashuvchan jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrni yaratiladi.

Soliq kodeksi 436-moddasi 1-qismi 5-bandiga koʻra, boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar (ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan koʻp bolali oilalar) jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Ushbu imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi.

“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 26-bandiga koʻra, qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari boʻlgan xodimlarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qatʼi nazar ish haqining 100 foizi miqdorida toʻlanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qaroriga 1-ilova “Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi”gi Nizomning 12-bandiga koʻra, koʻp bolali oilalar aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar toifasiga kiradi.

Aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi — mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan barpo etilgan, shuningdek, xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam taʼminlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanish uchun berilgan uy-joy fondi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-yanvardagi 14-son qaroriga ilova “Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisida” Nizomga koʻra, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan koʻp bolali oilalar koʻp kvartirali uylardan imtiyozli kreditlar asosida uy-joy olishi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari hamda xotin-qizlarga ajratiladigan arzon uy-joylardan uy (kvartira) olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-son qaroriga koʻra, koʻp bolali oilalarning bolalari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega. Bolalarni imtiyozli roʻyxat boʻyicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qaroriga 1-ilova “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ga koʻra, imtiyozli roʻyxatga kiritiladigan, shuningdek, maxsus kontingentga kiruvchi bolalarning hamda ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar bolalarining soʻrovnomalari davlat xizmatlari markazlariga borib, ustunlik huquqini yoki tegishli kontingentga kirishini tasdiqlovchi hujjatning aslini nusxasini koʻrsatgan holda rasmiylashtiriladi.

Imtiyozli roʻyxatga kiritiladigan, shuningdek, maxsus kontingentga kiruvchi bolalar va ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning bolalariga berilgan yoʻllanmalar hamda ularning ustunlik huquqini yoki tegishli kontingentga kirishini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari bolalarni tashkilotga qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

“Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan loyihalari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatiladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining” roʻyxatiga koʻra, koʻp bolali oilalarga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan moliyaviy yordamlar koʻrsatiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-martdagi 257-son qaroriga ilova “Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida” Nizomga koʻra, koʻp bolali oilalarning iqtidorli farzandlari Yoshlar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo kengashlari qarori bilan quyidagilarni amalga oshirish orqali moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi:

zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash;

asosiy turdagi oʻquv qurollari bilan taʼminlash;

badiiy kitoblar bilan taʼminlash;

bolalar gazeta va jurnallariga obuna qilish;

respublika oromgohlarida dam olishini tashkil etish;

respublika boʻylab sayohatga borish va kelish xarajatlarini qoplash.

Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-apreldagi 67-son qaroriga 2-ilova “Qishloq joylardagi kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalarga qoramolni bepul berish shartlari toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra, uy xoʻjaligida qoramol boqish uchun sharoit va imkoniyatlari, shu jumladan yer uchastkasi mavjud koʻp bolali oilalarga bepul qoramol beriladi. Kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalarga qoramolni bepul berish xayriya yordami sifatida amalga oshiriladi. Qoramolni bepul berishga ehtiyojmand oilalarni aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bolali oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qaroriga muvofiq fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish har bir organida tuzilgan fuqarolar yigʻini maxsus komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Soli Xakimov

Ohangaron shahar adliya boʻlimi YUXKM boshligʻi

1-darajali yurist