Янгиликлар
Assalomu alaykum. Men Tibbiyot birlashmasida ishlayman. Menga qisqarish boʻyicha 2 oylik ogohlantirish berishdi. Turmush oʻrtogʻim hech qayerda ishlamaydilar. 2 nafar farzandim bor 4 va 6 yoshli. Iltimos, maslahat bering qanday qilib ish joyimni saqlab q
Assalomu alaykum. Men Tibbiyot birlashmasida ishlayman. Menga qisqarish boʻyicha 2 oylik ogohlantirish berishdi. Turmush oʻrtogʻim hech qayerda ishlamaydilar. 2 nafar farzandim bor 4 va 6 yoshli. Iltimos, maslahat bering qanday qilib ish joyimni saqlab qolsam boʻladi? Baribir boʻshatamiz, hech narsa qoʻlingdan kelmaydi undan koʻra 2 oylik ogohlantirishni kompensatsiya bilan alishtir deyishyapti. Nima qilay?
Mehnat kodeksi 92-moddasi 2-qismiga koʻra, agar obyektiv sabablarga koʻra (100-modda ikkinchi qismining 1, 2 va 6-bandlari va 106-moddaning 2-bandi) mehnat shartnomasida belgilab qoʻyilgan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin boʻlmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni (xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq boʻlsa, mutaxassisligi boʻyicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni), bunday ish boʻlmagan taqdirda esa, — korxonada mavjud boʻlgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim boshqa ishga oʻtishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish boʻlmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.
Yaʻni sodda qilib aytganda, xodim qisqarishga tushsa yoki attestatsiyadan oʻta olmasa ish beruvchi bu toifa xodimlarga boshqa ish taklif qilishi shart.
Ish beruvchi 2 oylik ogohlantirishning butun muddati davomida xodimni ishga joylashtirish choralarini koʻrishi shart, hattoki, ogohlantirishnig soʻnggi kuni ham.
Ish joyingizni saqlab qolishning quyidagi usullari bor:
1-usul, 2 oylik ogohlantirish muddati davomida homilador boʻling! Hattoki, ogohlantirish muddatining soʻnggi kuni ham homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy maʻlumotnoma olib kelsangiz ish beruvchi Sizni boʻshata olmaydi. Chunki, MK 237-moddasiga koʻra, homilador ayollar va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi.
Homiladorlik muddatining ahamiyati yoʻq. UZI (ultratovush) yordamida homiladorlik 2-3-haftada aniqlanishi mumkin. Agar shunga qaramay ish beruvchi sizni boʻshatsa, u holda jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Diqqat! Jinoyat kodeksi 148-moddasi 2-qismiga koʻra, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan gʻayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan boʻshatish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
2-usul, MK 235-moddasiga koʻra, yangi tugʻilgan bolalarni farzandlikka olgan yoki bolalarga vasiy qilib belgilangan shaxslarga ham ayollarga onalik bilan bogʻliq holda beriladigan kafolatlar va imtiyozlar taqdim qilinadi. Shuningdek, yuqoridagi kafolatlar va imtiyozlar ota-ona gʻamxoʻrligidan mahrum boʻlgan bolalarni amalda tarbiya qilayotgan buviga, buvaga yoki boshqa qarindoshlarga ham beriladi (Asos: MK 238-moddasi).
Xodim qisqarishga tushganda 2 oylik ogohlantirish muddatini pulli kompensatsiyaga alishtirish taraflar kelishuviga koʻra amalga oshiriladi. Agar rozi boʻlmasangiz, ish beruvchi 2 oylik muddatni pulli kompensatsiyaga alishtira olmaydi.
Tasavvur qilaylik, korxonada boshqa ish yoʻq yoki yuqoridagi kafolatlarga mos tushmaysiz! Xafa boʻlmang! Bu holatda ham mehnat qonunchiligi Siz uchun bir qator kafolatlarni taqdim qiladi! Ish beruvchi Sizga mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni MK 109-moddasiga koʻra, oʻrtacha oylik ish haqingizdan kam boʻlmagan miqdorda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlaydi. Shuningdek, ish qidirish davrida 2 oydan ortiq boʻlmagan davr mobaynida Sizning oʻrtacha oylik ish haqingiz ham saqlanib qoladi.
Soli Xakimov
Ohangaron shahar adliya boʻlimi YUXKM boshligʻi
1-darajali yurist