Янгиликлар
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga eʼtibor qaratilmoqda
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga eʼtibor qaratilmoqda
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Bugun aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishi, mustahkam irodali, oʻz huquqlarini biladigan va qonunlarni hurmat qiladigan, huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qoʻllay oladigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan va huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishi talab etiladi.
2022-yil 16-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-2023-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Chora-tadbirlar dasturi 51-bandiga muvofiq adliya hamda ichki ishlar organlariga mahallarlarda sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlari boʻyicha kompleks chora-tadbirlar olib borish vazifasi yuklatilgan.
Toshkent viloyati adliya boshqarmasida tashkil etilgan tadbirda viloyat adliya, ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish borasidagi huquqiy targʻibot tadbirlari, yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik xissini uygʻotish, 2022-yilda olib borilgan ishlar yakuni va kelgusi rejalar muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, tuman va shahar adliya boʻlimlari, mahalla bilan hamkorligi natijasida huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini unumli tashkil etish, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan notinch oilalardagi maʼnaviy-ruhiy muhitni sogʻlomlashtirish borasida amaliy choralar koʻrilmoqda. Toshkent viloyat adliya boshqarmasi, ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan “Mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlari boʻyicha kompleks chor-tadbirlar dasturi” tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.
— Adliya hamda ichki ishlar organlari masʼul xodimlaridan iborat viloyat va tuman shahar shtablari tashkil etilgan boʻlib, mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning turi, soni, shaxslar toifasi, yosh kategoriyasi koʻrsatilgan maʼlumotlar almashish yoʻlga qoʻyildi, — deydi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Islom Noyobov. — Taqdim etilgan maʼlumotlar tahlili hamda muhokamalar natijasida jinoyatlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oshgan mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha “mahallabay” ishlash asosda oʻtgan 2022-yil davomida 387 ta huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Shu bilan birga, jinoyatlar soni oshgan mahallalarda jinoyat sodir etilishi sabablari, bunga imkon bergan sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida aholisi oʻrtasida turli soʻrovnomalar ham oʻtkazib borilmoqda.
Qolaversa, hamkor tashkilotlar bilan aholining mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish boʻyicha takliflari oʻrganilib, oʻsha takliflar asosida jinoyatchilikni kamaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Uyma-uy olib borilgan tadbirlar davomida farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar, voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklari, xotin-qizlar oʻrtasidagi jinoyatchilikni oldini olish, notinch, kam taʼminlangan oilalar soni va ularning turmush tarzini aniqlash boʻyicha qator vazifalar belgilab olinmoqda. Tadbir davomida kelgusi ishlarimizni rejalashtirib, huquqbuzarliklar profilaktikasi, uning mazmun-mohiyatini oʻzida aks ettiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularni keng aholi ommasiga yetkazish boʻyicha bajaradigan ishlarimizni rejalashtirib oldik. Bu boradagi chora-tadbirlar tizimli amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra 2022-yilda viloyatda jami 12 ming 259 ta jinoyat qayd etilgan boʻlib, ularning 5 ming 235 tasi mahalalarda sodir etilgan. 2021-yilda 353 ta mahalla “qizil” toifaga kiritilgan boʻlsa 2022-yilda 283 tani tashkil etdi. Olib borilgan huquqiy targʻibot hamda kompleks chora-tadbirlar natijasida 2022-yilda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar soni 70 taga kamaygan.
Erkin Doripov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha
yetakchi maslahatchisi