Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Farzandlari sogʻlom yurtning – ertasi bor.


Farzandlari sogʻlom yurtning – ertasi bor.

Mamlakatimizda har bir bola hech kimdan kam boʻlmay taʼlim-tarbiya olishi uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Shu jumladan, yetim hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, koʻngli yarim bolajonlar hamisha eʼtiborda.

Yetim bolalar- otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki ular sud qaroriga asosan vafot etgan deb eʼlon qilingan bola.

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola — har qanday sababga koʻra ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola, yetim bola bundan mustasno.

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha keng jamoatchilik bilan oʻtkazilgan muhokama natijalari ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustida “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarori qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Mazkur qarorga binoan, 2021-yil 15-avgustdan boshlab, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida, oʻzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʻlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ular 18 yoshga toʻlgan yilda koʻp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi boʻlgan bolalarga kvartiralar koʻp qavatli uylarning uchinchi qavatigacha”onlayn-navbat” tizimi asosida ajratilishi hamda ularga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga toʻlgunga qadar uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qoʻyish yoxud ijaraga berish hamda uy-joyda oʻzi va oila aʼzolaridan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish huquqisiz ajratilishi belgilangan.

Ushbu qaror bilan bitta koʻp kvartirali uy-joyning har bir kirish yoʻlagidagi kvartiralarda bir nafardan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish, ikki va undan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun koʻp kvartirali uy-joydan bitta kvartira ajratish (ular oʻrtasida nikoh tuzilgan hollar mustasno), alohida koʻp qavatli uy-joylar qurish va bu yerda ularning barchasini joylashtirish hamda yotoqxonalardan uy-joylar ajratish yoki xarid qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, qarorga asosan, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan vaqtida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal xizmatlarning meʼyoriy koʻrsatkichlari boʻyicha foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarning ellik foizi tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan kompensatsiya beriladi.

Bundan tashqari, 2021-yil 1-sentyabridan boshlab, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat bogʻchalari va maktablariga navbatga qoʻyilmasdan joylashtirilishi belgilangan.

Ularga texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotganda har oʻquv yilida 1 marotaba oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari miqdorida subsidiya berilishi, oʻqishni davlat oliy taʼlim muassasalarida davom ettirganda ularga stipendiya 50 foizga oshirilgan holda toʻlanishi, oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining nodavlat taʼlim tashkilotlarining xorijiy tillar, oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan, oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va oʻzlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yoʻnalishlar boʻyicha kurslarida oʻqish xarajatlari davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda kompensatsiya belgilangan.

Shuningdek, qaror bilan 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab oʻquv-tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ishga joylashtirish va ularning bandligini taʼminlash hamda ularning yirik ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarida har yili amaliyot oʻtashi, oʻqishga kirmagan, kasb egallash istagida boʻlganlariga “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari va maskanlarida kasb-hunarga oʻqitilishi va “Har bir oila — tadbirkor” dasturida belgilangan mablagʻlar va tartiblar doirasida ularning biznes loyihalarida koʻzda tutilgan maqsadlariga kreditlar navbatga qoʻyilmagan holda ajratilishi belgilangan.

 

 

 

Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi

yetakchi maslahatchisi                                                        N. Anarqulova.