Янгиликлар
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada soddalashtirish hamda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning yangi bosqichlari
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada soddalashtirish hamda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf
etish orqali tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning yangi bosqichlari
Soʻngi yillarda mamlakatimizda eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish va soddalashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini liberallashtirishga doir islohotlar mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi zamonaviy bozor munosabatlarini shakllantirishning muhim masalalaridan biri sifatida alohida eʼtibor berildi.
Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tahlillardan kelib chiqib, ushbu islohotlar ikki bosqichda amalga oshirilganligini qayd etish mumkin.
Birinchi bosqichda (2020-yil davomida) – fuqarolar sogʻligʻiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning ayrim turlari qisqartirildi va tartibga solishning muqobil usullariga oʻtkazildi, tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha hujjat talab qilmaslik va ularning vaqt hamda mablagʻlari sarflanishini kamaytirish uchun tartib-taomillarni soddalashtirish, tegishli hujjatlarni berish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali shaffoflikni taʼminlash boʻyicha ishlar amalga oshirildi.
Ushbu bosqichda litsenziyalar va ruxsat berish tartibotlarini tubdan qayta koʻrib chiqishni yangi bosqichga chiqargan asosiy hujjat – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, qariyb 70 ta litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishi va 34 ta ruxsatnomalar bekor qilindi hamda tartibga solishning muqobil shakllariga oʻtkazildi. Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etildi. Buning natijasida tadbirkorlik subyektlarining yiliga qariyb 40 milliard soʻm mablagʻlari iqtisod qilinib, oʻz ixtiyorida qoldirildi.
Shuningdek, islohotning birinchi bosqichida Adliya vazirligi tomonidan “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqildi va 2021-yilning yanvar oyidan boshlab xabarnomalarni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi.
Ikkinchi bosqichda (2021-2022-yillar davomida) – litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatishning pasportlarini ishlab chiqish, ayrim turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishning unifikatsiyalashgan maʼmuriy reglamentlarini joriy qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan qisqartirish boʻyicha ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2021-yilda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarni birlashtirish yoʻli bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun bilan litsenziyalanadigan, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab etiladigan hamda xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari qonun darajasida tasdiqlandi.
Qayd etish kerakki, ushbu Qonun bilan tasdiqlangan roʻyxatlarga kiritilmagan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan maʼmuriy tartib-taomillardan oʻtishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shu bilan birga, islohotning ikkinchi bosqichida maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari boʻyicha nizomlarni tasdiqlashga oid Hukumat qarorlari loyihalari ishlab chiqildi hamda joriy yilning fevral oyida qabul qilindi. Bular Vazirlar Mahkamasining:
– 2022-yil 21-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 80-son;
– 2022-yil 22-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-son;
– 2022-yil 25-fevraldagi “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 88-son qarorlaridir.
Ushbu qarorlar bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish va faoliyatni nazorat qilishning unifikatsiyalashgan yagona nizomlari va 28 ta litsenziyalanadigan, 27 ta ruxsat berish va 26 ta xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlarining pasportlari tasdiqlandi.
Qayd etib oʻtish kerakki, Hukumatimizning ushbu qarorlari litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartibini tizimlashtirishga qaratilgan ulkan qadam boʻldi.
Xususan, ushbu qarorlar bilan Hukumatning 250 ta qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi, 35 tasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Endilikda tadbirkorlik subyektlari normativ-huquqiy hujjatlar massasida koʻmilib qolmasdan, bitta hujjat bilan tartibga solishga harakat qilinmoqda. Bunda, tadbirkor faqat oʻziga tegishli faoliyatning pasporti bilan tanishishi kifoyalanadi, davlat xizmatchisi uchun majburiy boʻlgan nizom va reglamentlarni oʻqib oʻtirishga zarurat yoʻq.
Tadbirkor faoliyatini boshlash va uni kelgusida yuritish uchun barcha kerakli maʼlumot va talablarni tegishli pasportdan oladi. Pasportlarda vakolatli organga taqdim qilinadigan hujjatlar, arizani koʻrib chiqish muddatlari, toʻlanadigan yigʻim va boj miqdori, talab va shartlar, hujjatning amal qilish muddatlari va shu kabi tadbirkorlik subyekti faoliyati uchun kerakli maʼlumotlar aks ettirilgan.
Pasportlarga kiritilgan hujjatlar boʻyicha barcha tartib-taomillar elektron tarzda Adliya vazirligi tomonidan ishga tushirilgan “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi.
“Litsenziya” AT ning qulayliklari shundaki, unda arizalarni dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborish imkoniyati yaratilgan.
Maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari toʻliq elektronlashtirilgan, belgilangan toʻlovlarning amalga oshirilganligi onlayn tekshiriladi hamda QR-kod qoʻyilgan litsenziya (ruxsatnoma, xabarnoma) blankasi avtomatik ravishda shakllantirilib, talabgorning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.
Ishga tushirilgan tizim nafaqat yuridik va jismoniy shaxslarning, balki litsenziya va ruxsatnoma beruvchi, xabarnoma qabul qiluvchi organlarning ish hajmini ham ancha yengillashtiradi, davlat organlari va fuqarolar oʻrtasida shaffof platforma shakllanishiga xizmat qiladi.
Qibray tuman Davlat xizmatlari markazi direktori
Xakimova Zebinisa Muzaffarovna