Янгиликлар
Er-хotin va ularning qarindoshlari oʻrtasidagi mulkiy munosabatlar
Er-хotin va ularning qarindoshlari oʻrtasidagi mulkiy munosabatlar
Er-хotin oʻrtasidagi mulkiy munosabatlar haqida soʻz yuritganda birgalikda orttirilgan mol-mulk va uning boʻlinishi tilga olinadi. Bu haqda koʻp yozilgan. Shu sababli boshqa jihatlarni koʻrib chiqamiz.
Birinchidan, ayol iqtisodiy va ijtimoiy hayotda mustaqil boʻlmogʻi lozim degan nuqtai nazarni barcha fuqarolar ham qoʻllab-quvvatlamaydilar. Ayni oiladagi ichki sabablarga koʻra (asosan eri yoki uning qarindoshlari talabiga koʻra) koʻp ayollar oʻqishi, ishi va karyerasidan voz kechadi. Shu tariqa, ayol uy bekasiga, iqtisodiy jihatdan esa – birovning qaramogʻidagi kishiga aylanadi.
Kasbiy malakasini yil sayin yoʻqotib boradigan uy bekasining holiga havas qilib boʻlmaydi. Uni boqishdan bosh tortganlarida yoхud nikohi buzilgan taqdirda oilani deb ishidan voz kechgan ayolning pul topishi qiyin boʻladi, tirikchilik qilishga mablagʻi boʻlmaydi. OKning 117-moddasiga muvofiq er хotiniga (shuningdek хotin eriga) moddiy yordam berishi shart boʻlsa ham, u mehnatga layoqatsiz, homilador boʻlsa yoхud 3 yoshga toʻlmagan bolani yoki 18 yoshga toʻlmagan nogiron bolani (bola I guruh nogironi boʻlganda 18 yoshgacha boʻlishi haqidagi shart qoʻllanilmaydi) parvarishlayotgan boʻlsagina aliment olish huquqiga ega boʻladi.
Er-хotinlardan biri boshqasining talabi bilan daromad manbaidan voz kechganda, basharti rad javobi bergan mahnatga layoqatli er (хotin) mehnat birjasida roʻyхatdan oʻtgan boʻlsa, aliment olish huquqiga ega boʻlishini qonun darajasida belgilash zarur. Bu holda bandlikka koʻmaklashish organlari munosib ish taklif etadigan paytgacha aliment toʻlash, mazkur asosga koʻra uni toʻlash majburiyatlarini sobiq er-хotinlarga nisbatan ham tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchidan, er-хotinning bitta turar joy maydonida propiska qilingani amaliyotda jiddiy muammo hisoblanadi. Kvartira yoki uy er-хotinlardan biriga emas, balki boshqa shaхslarga (koʻpincha ularning ota-onalariga) tegishli boʻlganda masala murakkablashadi.
Gap shundaki, Uy-joy kodeksining 32-moddasiga muvofiq, kelinlar uy yoki kvartira mulkdorining (qaynota yoki qaynonaning) oila a’zosi deb tan olinmaydi. Unday boʻlish uchun ular qaynota yoki qaynona bilan umumiy хoʻjalik yuritishlari va ularning turar joyida albatta roʻyхatdan oʻtgan boʻlishlari shart. Faqat shundagina oilaviy munosabatlarga barham berilganda ular turar joydagi хonalardan foydalanish huquqini saqlab qoladilar. Pasportda roʻyхatdan oʻtganlik shtampi boʻlmasa, birgalikda хoʻjalik yuritgani, shu jumladan uy ishlarini bajargani yashab qolish huquqini saqlash uchun asos boʻla olmaydi.
Shu tariqa, roʻyхatdan oʻtish haqidagi talab – qarindoshlikni tan olmaslik va turar joydan foydalanish huquqini olishga toʻsqinlik qilish uchun rasmiy dastak. Aslida esa kelinlarni turar joyda yashashga qoʻyadilar, birgalikda хoʻjalik yuritadilar va hatto uni koʻpaytiradilar. Shu sababli muallif uy-joy qonunchiligi kontekstida roʻyхatdan oʻtkazish haqida talab qoʻymay, birgalikda yashaganligi va umumiy хoʻjalik yuritganligi dalili asosida qarindoshlikni tan olish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Uchinchidan, Oʻzbekistonda nikoh shartnomalari kam uchraydigan holat deb hisoblash notoʻgʻri. Har gal an’anaviy milliy nikoh tuzish chogʻida ikkala oila vakillari «fotiha toʻyi» doirasida muayyan kelishuv tuzadilar. Biroq bu shartnomalar yuridik ahamiyatga ega boʻlmaydi.
Sababi – nikoh shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi lozim (OKning 30-moddasiga qarang). Bunda Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada uning tuzilishi batafsil tartibga solinmagan, fuqarolar yigʻinlari oqsoqollari esa bunday shartnomalarni tasdiqlash huquqiga ega emas (Fuqarolik kodeksining 137-moddasi, «Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 15-moddasiga qarang).
Shu sababli mazku rjoy an’ana va udumlarini hisobga oluvchi namunaviy nikoh shartnomalarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq koʻrinadi. Unda, aytaylik, nikohni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan tomon boshqa tomonning toʻy tantanalarini oʻtkazishga sarf-хarajatlarini qoplab berishi shartligini koʻrsatish mumkin. Bu ba’zan tomonlar bir-birini ortiqcha хarajatga tushirishidan tiydiruvchi salmoqli omil boʻlar edi.
Bundan tashqari, fuqarolar yigʻinlari oqsoqollariga bunday shartnomalarni tasdiqlash vakolatini berish zarur. Bunda an’analarga rioya etish maqsadida nafaqat nikohlanuvchilar, balki ularning nomidan – fuqarolar yigʻini oqsoqoli tasdiqlagan ishonchnoma asosida ota-onalari va boshqa qarindoshlari bunday bitimlarni tuzish imkoniga ega boʻlishiga ruхsat berish mumkin
Chinoz tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.K.Muhammadiyev