Янгиликлар
Аttestatsiyadan oʼta olmagan xodimlarga qanday huquq va kafolatlar berilgan?
Аttestatsiyadan oʼta olmagan xodimlarga qanday huquq
va kafolatlar berilgan?
Xodim attestatsiyadan oʼta olmasa, Mehnat shartnomasini 100-modda 2-qism 2 bandi yaʼni xodimning malakasi yetarli boʼlmaganligi tufayli bekor qilish shart degani emas. Chunki 100-modda yaʼni mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish bu ish beruvchining huquqidir. Yaʼni aytaylik xodimning malakasi yetarli emas. Ish beruvchi istasa u bilan shartnomani bekor qiladi, istasa xodimga imkon berishi mumkin.
Аytaylik, ish beruvchi malakasi yetarli boʼlmagan xodimni ishlatmoqchi emas? Bunda nima boʼladi? Xodim qanday huquq va kafolatlarga ega?
Аgar xodim malakasi yetarli boʼlmaganligi uchun bajarayotgan ishiga noloyiq deb topilganligi sababli MK 100-moddasi 2-qismining 2-bandiga koʼra mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan boʼlsa, unga mutaxassisligi boʼyicha kamroq malakali ish taklif etilishi, u ham mavjud boʼlmasa, korxonada mavjud boʼlgan kamroq malakali boshqa ish taklif etilishi shart.
Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʼgʼrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʼlgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʼl qoʼyilmaydi.
Ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʼlmaganligi munosabati bilan shartnomani bekor qilganda xodimni kamida 2 hafta oldin ogohlantirishi shart.
Xodimni ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qoʼshilmaydi.
Xodim bilan ish beruvchi oʼrtasidagi kelishuvga koʼra 2 haftalik ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin.
Mehnat shartnomasi MK 100-moddasi 2-qismining 2-bandi asosida bekor qilinishida ish beruvchi ushbu asoslarga koʼra mehnat shartnomalarini bekor qilish toʼgʼrisidagi ogohlantirishning butun muddati davomida xodimni ishga joylashtirish choralarini koʼrishi shart
Xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida 1 kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi.
Xodimga oʼrtacha oylik ish haqidan kam boʼlmagan miqdorda ishdan boʼshatish nafaqasi toʼlanishi shart.
Ish qidirish davrida ikki oydan ortiq boʼlmagan davr mobaynida xodimlarning oʼrtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga toʼlangan bir oylik ishdan boʼshatish nafaqasi ham qoʼshib hisobga olinadi.
Xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 30 kalendarь kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʼyxatdan oʼtsa, mahalliy mehnat organi bergan maʼlumotnomaga binoan 3-oy uchun ham oldingi ish joylaridan oʼrtacha ish haqi olish huquqiga ega boʼladi.
Xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab, xodim 1 oy ichida sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish huquqi bor.
Chinoz tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
M.Nunnazarov.