Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Ichki ishlar xodimi qanday hollarda elektroshok qurilmalarini qoʼllash huquqiga ega?


Ichki ishlar xodimi qanday hollarda elektroshok

qurilmalarini qoʼllash huquqiga ega?

“Ichki ishlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq, ichki ishlar organi xodimi quyidagi hollarda elektroshok qurilmalarini qoʼllash huquqiga ega:

fuqaroga yoki ichki ishlar organi xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;

jinoyatga yoki maʼmuriy huquqbuzarlikka chek qoʼyishda;

ichki ishlar organi xodimiga qarshilik koʼrsatilishiga chek qoʼyishda; jinoyatni sodir etish chogʼida yoki uni sodir etganidan keyin darhol koʼrib qolingan, yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;

ushlab turilgan shaxslarni va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni olib borish, qoʼriqlab borish va qoʼriqlashda, shuningdek qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki oʼziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;

fuqarolarning hayoti va sogʼligʼiga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa gʼayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qoʼyishda.

Kimlarga nisbatan elektroshok qurilmalarini qoʼllab boʼlmaydi?

Elektroshok qurilmalarini:

▫️homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga;

▫️nogironlik belgilari koʼrinib turgan shaxslarga;

▫️yoshi aniq koʼrinib turgan yoki maʼlum boʼlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan qoʼllash taqiqlanadi.

Bundan ularning qurolli qarshilik koʼrsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʼligʼiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʼlib hujum qilganligi hollari mustasno.

Elektroshok qurilmalarini qoʼllash shartlari

Elektroshok qurilmalarini qoʼllanilishidan avval ularni qoʼllash niyati toʼgʼrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʼlishi kerak.

Faqatgina, ushbu ogohlantirishning imkoni boʼlmagan yoxud ularning qoʼllanilishini kechiktirish fuqarolarning va ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʼligʼiga bevosita xavf tugʼdiradigan hamda boshqa ogʼir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʼlgan hollar mustasno.

Elektroshok qurilmalarini qoʼllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʼlishi kerak. Bunda ichki ishlar organi xodimi har qanday zararning imkon qadar kam boʼlishiga intilishi shart.

Elektroshok qurilmalarini qoʼllanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam koʼrsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam koʼrsatish choralari koʼrilishi, ularning qarindoshlari esa 24 soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.

Mazkur vositaning qoʼllanilishi uchinchi shaxslarning hayoti, sogʼligʼiga xavf tugʼdirmasligi va mol-mulkiga zarar yetkazmasligi kerak.

 

Chinoz tumani adliya boʼlimi

yuridik xizmat koʼrsatish

markazi boshligʼi

R.Galiev