Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

VORISLIK HUQUQI TUSHUNCHASI


VORISLIK HUQUQI TUSHUNCHASI

 

Hayotda har bir shaxs boshqa shaxslar bilan turli munosabatlarda boʻladi. Bu munosabatlar, albatta, shaxsning erkin irodasi bilan vujudga keladi. Vaqt oʻtishi bilan bir munosabat bekor boʻladi, ikkinchisi vujudga keladi. Ularning barchasi shaxsiy yoki mulkiy munosabatlar boʻlib, maʼlum bir meʼyorlar bilan tartibga solinadi. Munosabatda turgan har bir shaxs muayyan bir huquq va majburiyatlarga ega boʻladi. Bunday huquq va majburiyat, qoida tariqasida, shaxs vafot etgandan soʻng ham oʻz kuchini saqlab qoladi. Boshqacha qilib aytganda, shaxsning vafot etishi bunday huquq va majburiyatlarning bekor boʻlishiga olib kelmaydi. Masalan, kredit muassasalariga qoʻyilgan mablagʻ, uni qoʻygan shaxs vafot etganda ham bank omonati berish majburiyatidan ozod boʻlmaydi. Majburiyat davom etadi, ammo talab qilish huquqi boshqa shaxslarga oʻtadi.

Fuqaro vafot etgandan keyin uning barcha huquqi va majburiyatlari oʻz kuchini saqlab qolmaydi, ayrimlari bekor boʻladi.

Vafot etgan shaxsning hayotligida boshqa shaxsga oʻtishi mumkin boʻlgan huquq va majburiyatlari meros tariqasida uning vorislariga oʻtadi.

Shunday qilib, shaxsning hayotligida boshqa shaxslarga oʻtishi mumkin boʻlgan uning har qanday huquq va majburiyatlari meros hisoblanadi va vorislik huquqi asosida merosxoʻrlarga oʻtadi.

Aniqroq qilib aytganda, vafot etgan shaxsga tegishli boʻlgan mulk – uy-joy, avtomashina va boshqa mol-mulklarga nisbatan boʻlgan mulk huquqi meros tariqasida oʻtadi.

Fuqarolik qonunchiligida meros huquqi, vorislik asoslari, meros tarkibi, merosning ochilishi, merosxoʻrlar tizimi va noloyiq merosxoʻrlarni merosdan chetlatish asoslari, vasiyat boʻyicha vorislarning umumiy qoidalari, merosdan majburiy hissa olish huquqi, merosni muhofaza qilish, uni boshqarish, merosni egallashning umumiy qoidalari, merosga boʻlgan huquqni tasdiqlash, merosni taqsimlash, merosdan voz kechish huquqlari, hozir boʻlmagan vorislarning huquqlari, meros-mulkka nisbatan imtiyozli huquqqa ega boʻlgan shaxslar, meros mulkdan qilinadigan xarajatlar, egasiz qolgan meros mulkining taqdirini belgilash va merosga oid huquqiy normalar yigʻindisidan iboratdir.

Voris deganda, qonunda belgilab qoʻyilgan meros qoldiruvchining qarindoshlik munosabatlari bilan bogʻlangan avlod va ajdodlari, uning qaromogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz boqimlari (qonun boʻyicha vorislar), shuningdek, qonunda belgilangan tartibda va shartlarga rioya qilib, meros qoldiruvchi tomonidan tayinlangan, uning huquq va majburiyatlari olingach, merosning oʻtishi lozim boʻlgan, muomala layoqatiga ega boʻlgan shaxslar (vasiyat boʻyicha vorislar) tushuniladi.

Vorislik huquqi, qonunda belgilangan yoki meros qoldiruvchi tomonidan vasiyatnomada koʻrsatilgan tartibda va shartlarga asosan unga tegishli boʻlgan mulk va mulkiy huquq hamda majburiyatlar merosxoʻrlarga oʻtish tartibini belgilaydi.

Fuqarolik qonunchiligida vorislik deb, marhum fuqaro mulkining qonunlarda belgilangan bir yoki bir nechta shaxslarga (vorislarga) oʻtishiga aytiladi.

Vorislik huquqi deb, fuqaroning vafot etganidan soʻng mulkning boshqa shaxslarga (vorislarga) oʻtkazilishida vujudga keladigan munosabatlarning tartibga soladigan huquqiy normalar yigʻindisiga aytiladi.

Vorislik – bu ijtimoiy munosabatlarning alohida bir turi hisoblanib, mol-mulkni yoki mulkka boʻlgan huquq va majburiyatlarni bir shaxsdan (meros qoldiruvchidan) ikkinchi shaxsga (merosxoʻrlarga) oʻtishi bilan bogʻliq. Shuning uchun ham u hammadan avval, iqtisodiy hodisa sifatida va vafot etgan shaxsning mulkini, mulkiy huquq va majburiyatlarini boshqa shaxslarga oʻtish tartibini belgilaydi.

Vorislik huquqi meros huquqining bir boʻlagi sifatida uning amal qilishini taʼminlaydi, meros tarkibiga kirgan mol-mulk va mulkiy huquq hamda majburiyatlarni merosxoʻrlarga oʻtish qoidalarini oʻz ichiga oladi.

Vorislik huquqi fuqarolar vafot etganda ularning maʼlum bir huquq va majburiyatlarini boshqa shaxslarga oʻtish tartibini belgilab beruvchi fuqarolik huquqiy normalar yigʻindisidan iboratdir.

Shunday qilib, vorislik huquqi-bu meros ochilgan paytda vafot etgan shaxsga tegishli boʻlgan mol-mulk, mulkiy huquq va majburiyatlarni merosxoʻrlarga oʻtish tartibi va shartlarini belgilab beruvchi huquqiy normalar yigʻindisidan iborat.

Demak, vorislik huquqining vazifasi vafot etgan shaxsning mulkiy huquq va majburiyatlarni boshqa shaxslarga, merosxoʻrlarga oʻtishini qonun bilan belgilangan tartibda taʼminlashdan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga asosan, vorislik ikki asosda vujudga keladi. Birinchidan vasiyat boʻyicha va ikkinchidan, qonun boʻyicha.

Mulkdor oʻziga tegishli boʻlgan xususiy mulkning taqdirini oʻzi vafot etgandan soʻng uning maʼlum bir shaxs tomonidan tasarruf qilinishi belgilanmagan hollarda qonun boʻyicha vorislik amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, qonun boʻyicha vorislik: vasiyatnoma qisman yoki butunlay haqiqiy emas deb topilgan hollarda; ikkinchidan, meros mulkining hammasi vasiyat qilinmasdan qolgan taqdirda, vasiyat qilinmagan qismiga; uchinchidan vasiyat boʻyicha merosxoʻr meros ochilgandan keyin merosni qabul qilib olmasdan vafot etgan boʻlsa; toʻrtinchidan, vasiyat boʻyicha merosxoʻr merosni olishdan bosh tortgan yoki undan voz kechgan hollarda vujudga keladi.

Qonun boʻyicha merosxoʻr meros qoldiruvchi bilan qon-qarindoshlik rishtalari bilan bogʻlangan uning ajdodlari va avlodlari, oila aʼzolari, mehnatga layoqatsiz, uning qaramogʻida boʻlgan, oila aʼzosi boʻlmagan shaxslar boʻlishlari mumkin.

Demak, qonun boʻyicha merosxoʻr boʻlish uchun nafaqat meros qoldiruvchining rasman qon-qarindoshlari boʻlishi, shuningdek, amalda hayotda ham yaqin kishilari boʻlishi mumkin.

Qonun boʻyicha vorislik munosabati bilan meros qoldiruvchining huquq va majburiyatlari oʻtish tartibi va shartlari qonunda belgilab qoʻyilgan boʻladi. Meros mulk qonunda belgilangan tartibda, miqdorda va tartibda merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlanadi. Qonunda belgilangan shaxslarga yoki belgilangan tartibni buzib, meros mulkni yaqin qarindoshlariga yoki boshqa yaqin kishilariga, meros qoldiruvchining qoramogʻida boʻlmagan shaxslarga berish mumkin emas.

Qonun boʻyicha vorislik huquqi meros qoldiruvchining vafoti yoki uning sud qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinishi bilan birdaniga va toʻligʻicha merosxoʻrlarga oʻtadi.

Vasiyat boʻyicha vorislik meros qoldiruvchining erki bilan vujudga keladi. Meros qoldiruvchining huquq va majburiyatlarini merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlash, meros qoldiruvchining erki bilan amalga oshiriladi.

Merosdan chetlashtirish yoki meros olishdan mahrum qilish faqat qonunda belgilangan asoslarda va tartibda sud tomonidan hal qilinadi.

 

 

Dastamov Kamoliddin Xusanovich