Янгиликлар
Yangi Oʻzbekistonda ma’muriy islohotlar
Yangi Oʻzbekistonda ma’muriy islohotlar
Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 20-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnoma yoʻlladi. 2 soat 25 daqiqa davom etgan ushbu tadbirda davlat rahbari koʻplab sohalar boʻyicha oʻz tashabbuslarini bildirib, kelgusi yillarda amalga oshiriladigan ishlarimizning eng asosiy nuqtalariga ahamiyat qaratdi. Jumladan, Prezidentimiz 2023-yilda yurtimizda ma’muriy islohotlar jadallik bilan amalga oshirilishini e’lon qildi. Shu munosabat bilan 2022-yil 21-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Yurtimizda amalaga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning bosh maqsadi — ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir boʻlgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratishdir. Shuningdek, mazkur ma’muriy islohotlar fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirishni ta’minlashi shubhasizdir.
Farmonga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan Vazirlar Mahkamasi aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar boʻyicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi boʻlimlar, hamda Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimi tugatildi. Farmonga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 tagacha qisqartirilishi nazarda tutilgan. Vazirlar Mahkamasida quyidagi vazirliklar faoliyat yuritishi belgilanmoqda:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
Tabiat resurslari vazirligi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Suv xoʻjaligi vazirligi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Adliya vazirligi;
Transport vazirligi;
Madaniyat va turizm vazirligi;
Mudofaa vazirligi;
Energetika vazirligi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Bizning fikrimizcha, mazkur ma’muriy islohotlar yurtimizda jahon talablariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimiga asos boʻlish bilan birgalikda, boshqaruv tizimining ixchamlashuvi hamda samaradorligiga katta hissa qoʻshadi. Fursatdan foydalanib, fuqarolarimizdan mazkur islohotlarga befarq boʻlmasliklarini hamda amalga oshirilayotgan mazkur yangiliklarni bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashga chaqiraman.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
Ro‘ziyev Baxtiyor