Янгиликлар
Aliment toʻlashdan boʻyin tovlaganlar uchun javobgarlik
Aliment toʻlashdan boʻyin tovlaganlar uchun javobgarlik
Jamiyatimizda hech boʻlmasa umrida bir marotaba aliment soʻzini eshitmagan odam topilmasa kerak. Xoʻsh oʻzi aliment soʻzi qanday ma’noni anglatadi? Aliment toʻlashdan boʻyin tovlash qonunchiligimizga muvofiq qanday javobgarlikka sabab boʻladi? Shular haqida oʻz fikr-mulohazalarimizni keltirib oʻtishni maqsadga muvofiq hisobladik.
Aliment (lot. alumentum — qaramogʻidagi, boqimidagi) — bir shaxsning boshqa shaxsga majburan yoki ixtiyoriy ravishda toʻlaydigan nafaqasi. Aliment toʻlash majburiyatlari asosan nikoh, qarindoshlik, ota-ona, farzandlik, farzandlikka olish, bolalarni tarbiyaga olish natijasida kelib chiqadi. Oila kodeksining 96 va
97-moddalarida ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shartligi, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga asosan aliment undirilishi, voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengligi belgilangan.
Soʻngi yillarda koʻcha-koʻyda, mahallada, ijtimoiy tarmoqlarda ota(ona)larning aliment toʻlash majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganlik holatlariga koʻp bora guvoh boʻlamiz. Shunday vaziyatlarda qonunchiligizda qanday javobgarliklar belgilangan? Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi
79-80-moddalarida ota onalar oʻz ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment toʻlashdan boʻyin tovlasa sud ularni ota-onalik huquqlaridan mahrum etishi mumkinligi, sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda bolaning ta’minoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qilishligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 474-moddasida moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan boʻyin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, — oʻn besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi, birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish jarayonida aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda toʻlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 122-moddasida moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan boʻyin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, oʻsha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa, — ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, agar shaxs aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni toʻliq toʻlagan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod qilinishi belgilangan.
Xulosa qiladigan boʻlsak, yuqorida aliment toʻlashdan boʻyin tovlash ma’muriy hatto jinoiy ( ma’muriy jazo qoʻllanilganidan keyin yana sodir etilgan boʻlsa) javobgarlikka sabab boʻlishligi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari bilan tahlil etildi. Shuninng uchun fuqarolarimizdan javobgarlikka tortilmasliklari uchun alimentlarni oʻz vaqtida toʻlashlarini hamda mazkur toʻlovlardan boʻyin tovlamasliklarini soʻrab qolgan boʻlar edik.
Olmaliq shahar adliya boʻlimi yetakchi maslahatchisi
Roʻziyev Baxtiyor