Янгиликлар
07
Konstitutsiyaviy islohotlar: “Xabeas korpus” institutining rivojlantirilishi
Konstitutsiyaviy islohotlar: “Xabeas korpus” institutining rivojlantirilishi
So‘ngi yillarda yurtimizda huquqiy islohotlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan tabriklash tantanalarida Konstitutsiyamizni yangi tahrirda qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. 2022-yil 20-iyun kuni esa davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, yangi Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun referendum o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari asosiy qonunga qator normalarni kiritish bo‘yicha o‘z takliflarni ilgari surgan edi. “Xabeas korpus” institutini Konstitutsiya darajasida mustahkamlash davlatimiz rahbarining takliflaridan biri edi. Xo‘sh savol tug‘iladi “Xabeas korpus” qanday institut? Bu huquqiy institutning mohiyati nimalardan iborat? Shular xususid o‘z fikr-mulohazalarimizni bildirib o‘tsak.
Xabeas korpus (lot. habeas corpus) — ingliz jinoyat-prosessual huquqiy instituti bo‘lib, shaxs daxlsizligi tamoyili bilan chambarchas bog‘liq sanaladi, u anglo-sakson huquqiy oilasining boshqa mamlakatlari huquqiy tizimlariga ham kiritilgan. “Xabeas korpus”ni oddiy tushuntiradigan bo‘lsak, unga ko‘ra, qamoqqa olingan shaxs yoki uning nomidan boshqa bir fuqaro nima sababdan hibsga olinayotgani yoki qamoqqa olish to‘g‘risidagi hujjat bo‘yicha sudga murojaat qilishi va hibsga olish yoki ushlab turishning qonuniyligini tekshirish uchun maxsus sud qarorini talab qilishi mumkin. Ya’ni gumonlanuvchi ma’lum sabab bilan hibsga olinganidan so‘ng uni ushlab turishlari qonuniyligini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Sudning qarori bo‘lmagan taqdirda shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin bo‘lmaydi.
Angliyada Xabeas korpusi institutidan 15 asrdan beri doimiy ravishda foydalanib kelinadi. Britaniyalik huquqshunos Albert Vann Disi (1835-1922) “Xabeas korpus” haqida “amaliy nuqtai nazardan ular shaxsning huquq erkinligini kafolatlaydigan yuzlab konstitusiyaviy moddalarning o‘rnini bosa oladi”, deb yozgan edi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, mazkur institutni Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi inson qadr-qimmati, sha’ni uning huquq hamda erkinliklarini ta’minlashda o‘zining beqiyos hissasi qo‘shadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi boshlig‘i A.Umarov