Янгиликлар
Ma’muriy ish yuritishni boshlash uchun asoslar
Ma’muriy ish yuritishni boshlash uchun asoslar
Manfaatdor shaxsning arizasi (shikoyati) yoki ma’muriy organning tashabbusi ma’muriy ishni boshlash uchun asos bo‘ladi.
Ma’muriy ish yuritish ariza ma’muriy organda ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.
Agar ma’muriy ishni boshlash uchun ma’muriy organning tashabbusi asos bo‘lsa, ma’muriy ish yuritish adresat tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.
Arizaning mazmuni va unga qo‘yiladigan talablar
Ma’muriy organga beriladigan arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) ariza berilayotgan ma’muriy organning nomi;
2) arizachi — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar arizachi yuridik shaxs bo‘lsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va manzili;
3) arizachining talabi;
4) arizaga ilova qilinadigan hujjatlarning ro‘yxati (agar bunday hujjatlar mavjud bo‘lsa);
5) ariza berilgan sana.
Ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi kerak.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab berilgan arizada ushbu moddada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari o‘z manfaati himoya qilinayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning manzili (pochta manzili) va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborot ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonunchilikda boshqa talablar ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
Ma’muriy organ arizachidan qonunchilikda nazarda tutilmagan axborotni yoki hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga, shuningdek arizaga va unga ilova qilingan hujjatlarga nisbatan talablar qo‘yishga haqli emas.
Elektron shaklda beriladigan arizalarda arizachining elektron manzili hamda yagona identifikatori, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar ko‘rsatilishi kerak.
Arizada elektron manzilning ko‘rsatilganligi arizachining xabarlarni axborot tizimi orqali qabul qilishga bo‘lgan roziligidir.
Jismoniy va yuridik shaxslar arizalarni og‘zaki shaklda berishga ham haqli, bundan qonunchilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlangan hollar mustasno.
Olmaliq shahar adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi B.Ro’ziyev