Янгиликлар
Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari amalda.
Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari amalda.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli maʼmuriy islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, davlat organlarining sohaga oid boʻlmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi oʻrtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar oʻrinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.
Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
“Elektron hukumat” tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.
Yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani koʻrib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi tizimi joriy etildi.
Hukumat aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari tegishli sohada yagona davlat siyosatini olib borish va uni rivojlantirish boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun masʼul va javobgar hisoblanadigan boʻldi. Tizimdagi kadrlar siyosatining Vazirlar Mahkamasi apparatidan mustaqil ravishda davlat xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq yuritilishini taʼminlanishi xam koʻzda tutilgan.
Bekobod tumani adliya boʻlimi
Davlat xizmatlari markazi direktori Ubaydulla Mirzayev.