Янгиликлар
Milliy qonunchiligimizdagi ayollarga berilgan imtiyoz va yengilliklar.
Milliy qonunchiligimizdagi ayollarga berilgan imtiyoz va yengilliklar.
Bilamizki, ayollar jamiyatimizning eng etiborga molik qatlami hisoblanadi. Hozirgi kunda ularga e'tibor borgan sari ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning 7 mart kuni Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo'llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 sentabrdan budjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oyda uzluksiz ish staji bo'lgan ayollarga har oy uchun minimal iste'mol xarajatlari miqdoridan yelib chiqib budjet hisobidan homiladorlik va tug'ish nafaqasi to'lanadi.
Qolaversa, shu o'quv yilidan boshlab OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta'limda o'qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to'lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish, davlat OTMlarida magistraturada o'qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to'lovlari qoplab beriladi, xorijiy OTMlarga bakalavriat uchun – 50 nafar, magistratura uchun – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg'armasi orqali qo'shimcha grantlar ajratiladi, har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan talaba xotin-qizlarning ta'lim kontraktlari mahalliy budjetdan to'lab berilishi belgilandi.
Bu bitta farmonda nazarda tutilgan ayollarga nisbatan byerilgan imtiyoz va yengilliklar. Bundan tashqari yurtimizda ularga boshqa birqancha yengilliklar ham mavjud. Ular: Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo'lga qo'yish uchun 33 million so'mgacha kreditlar ajratiladi, ularni pensiya yoshiga to'lganligi sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo'shatish taqiqlanadi ,ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi,”Ayollar daftari"ga kiritilganlarga 40 mln 500 ming so'mgacha kredit berilishi mumkin, ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning kasb o'rganishga qilgan xarajatlarini davlat to'lab beradi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan yolg'iz ayollarning farzandlari ham bog'chaga imtiyozli ro'yxat asosida qabul qilinadi, og'ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi. Faol va tashabbuskor xotin-qizlar “Mo'tabar ayol” ko'krak nishoni bilan taqdirlanadi, 12 yoshga to'lmagan bolasi bor ayollarga qo'shimcha ta'til beriladi, ayrim xotin-qizlarning kontrakt puli davlat tomonidan to'lab beriladi, 2 yoshga to'lmagan bolasi bor ayollar yengilroq ishga o'tkaziladi, homilador ayollar, 3 yoshga to'lmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov qo'llanilmaydi, rahbarlik lavozimiga tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtiroki ta'minlanadi, ayrim ayollar 53 yoshda pyensiyaga chiqishi mumkin va boshqa birqancha yengilliklar mavjud.
Bular yurtimizda ularga nisbatan e'tibor naqadar katta ekanligining isbotidir. Qolaversa, yuqoridagi formonga ko'ra 2024 yil 1 yanvarga qadar barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo'lgan tashkilotlar hamda ular tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar o'rinbosari xotin-qizlardan tayinlanishi ham belgilandi. Bu hozirgi davlat siyosatida ham ayollarni ro'lini oshirishga bo'lgan e'tiborning yorqin namunasi hisoblanadi.
Bekobod tumani Adliya bo`limi Davlat xizmatlari markazi
M.Arziqulova