Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Garov – mijozga kredit ajratishda ta’minotning bir turidir. U mulk, zakalat, huquqlar va tovar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.


Garov – mijozga kredit ajratishda ta’minotning bir turidir. U mulk, zakalat, huquqlar va tovar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Kredit ta’minotiga taqdim etilgan mulk, zakalat, huquqlar va tovar kredit asosiy qarzi va foizlarining to‘liq qaytarilishiga garov hisoblanadi. Shu munosabat bilan, garov bahosi kredit summasidan o‘rtacha 20 -30 foizga ko‘proq bo‘lishi kerak. Kredit to‘lovlari muddatida qaytarilmagan taqdirda, kredit to‘lovlarini undirish garovga qo‘yilgan ta’minotga qaratiladi.

Kredit ta’minoti uchun bir nechta garov turlaridan foydalanish mumkin. Ular:

· Avtotransport vositalari

· Ko‘chmas mulk

· Qimmatbaho metallar

· Uskuna va jihozlar

· Qimmatli qog‘ozlar

· Depozit sertifikatlari

Kredit muddati davomida garov egasi mulkka (zakalat tarzdagi garovdan tashqari) egalik qilish va ulardan foydalanishi mumkin. Faqatgina, kredit tashkiloti garov mulkidan boshqa shaxslarning foydalanishiga cheklov qo‘yishi mumkin. Bu shartlar garov shartnomasida aniq ko‘rsatilishi kerak.

Qarzdorning kreditdan foydalanish davrida, kredit tashkiloti roziligi bilan garovni almashtirish imkoniyati mavjud. Bunda kredit tashkiloti tomonidan qarzdorning kredit tarixi, taklif etilayotgan mulkning holati va kredit qoldig‘iga mutanosibligini inobatga oladi.

Garov mulki bahosi kredit summasidan ancha baland bo‘lsa, uni navbatdagi kreditga ham garovga qo‘yish huquqi qonun bilan belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi “Garov to‘g‘risida”gi Qonuni, 15-modda). Bunda, garov mulki dastavval birinchi kredit bo‘yicha yuzaga kelgan majburiyatlarni qoplashi nazarda tutiladi.

Qarzdorlarning majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida taqdim etilgan garovga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risidagi, shuningdek qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlariga qo‘yilgan cheklov hamda qarzdor o‘z majburiyatlari bajarilishini ta’minlashi bilan bog‘liq boshqa talablar haqidagi yozuvlarni o‘z ichiga olgan garov reyestri ma’lumotlar bazasi yaratilgan.

Garov reyestriga garovga qo‘yilgan mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mulk egasining roziligi bilan kiritiladi. Ushbu ma’lumotlar bazasida foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan holda garov mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish mumkin. Bu asosan kreditor uchun garov mulkiga qo‘yilgan majburiy talablarni (masalan, mulk boshqa kreditga garovga qo‘yilganligi), shuningdek, garovga qo‘yilayotgan mulk to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni qisqa muddatda aniqlash imkoniyatini beradi.

Nimaga e’tibor berish kerak?

Kredit ta’minoti sifatida turar joyingizni garovga qo‘yishdan oldin uni yo‘qotib qo‘yish xatarini to‘g‘ri baholang va oila a’zolaringiz uchun keltirib chiqarishingiz mumkin bo‘lgan noqulayliklar haqida o‘ylang.

Asosiy garov mulkingiz kredit mablag‘ini 125% ini qoplamayaptimi, unda, Siz kredit summasini kamaytiring yoki qo‘shimcha ta’minot turlari – boshqa yuridik shaxs kafilligi, sug‘urta polisi kabilardan foydalaning.

Do‘stingiz yoki tanishingiz krediti garovi bo‘yicha o‘z mulkingizni taqdim etishdan avval, shuni bilishingiz kerakki, agar kreditni qoplash imkoniyati bo‘lmasa, kreditni undirish Sizning hisobingizdan amalga oshirilishi ehtimoli yuqori.

Lombard nima?

Agar biron-bir sabablarga ko‘ra sizga zudlik bilan pul kerak bo‘lganda hamda biror kimdan qarz olish yoki bir necha soat ichida kredit olish imkoni bo‘lmasa, Siz, lombardda uch oydan oshmaydigan kreditni qimmatbaho ko‘char mol-mulkingiz garovi evaziga olishingiz mumkin. Lombard xizmatlarining qulayligi shundaki, kreditni olish uchun uzoq vaqt sarflanmaydi va ko‘p hujjatlar talab qilinmaydi.

Lombard garovga qo‘yilgan mulklardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqli emas. Shuningdek, lombard garovga qabul qilgan mulkni garovga qabul qilish paytida shunga o‘xshash va shunday sifatga ega mulklarning narxlariga mos bahodagi to‘liq summasida o‘z hisobidan garovga qo‘yuvchi foydasiga sug‘urtalaydi.

Agar kreditni so‘ndirish ilojisi bo‘lmasa, garovga qo‘yilgan mol-mulk lombard tomonidan sotiladi va kredit, kredit bo‘yicha foizlar, jarima (neustoyka) va uni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar uchun to‘lovlar amalga oshiriladi. Shu bilan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotuvidan olingan mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda, lombardga bo‘lgan qarz yopiladi.

Lombardda garov mol-mulkini yo‘qotishsa yoki zarar yetkazishsa, nima qilish kerak?

Garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qotilgan yoki yetishmagan taqdirda, lombard, garov biletida ko‘rsatilgan baholash summasiga muvofiq uning qiymatini mol-mulkning egasiga qaytarishi shart. Garovda ushlab turilgan mol-mulkka zarar yetkazilgan hollarda, lombard, yetkazilgan shikast yengib bo‘lmaydigan kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qo‘yuvchi mulkdorga taraflarning kelishuvi bilan belgilangan lekin garov biletida ko‘rsatilgan mol-mulkning qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lab berishi shart.

Lombardlar tomonidan beriladigan kreditlarning ijobiy va salbiy tomonlari

Ijobiy

· olish osonligi: garov mol-mulki va bir nechta hujjatlar kerak xolos;

· kredit olish jarayoni uzoq vaqt talab qilmaydi;

· xatar (risk) pastligi: agar qarzni to‘lash imkoni bo‘lmasa, uning so‘ndirilishi garovga qo‘yilgan mol-mulkning hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablag‘ lombardning talablarini to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmasa ham.

Kamchiliklari

· Foiz: Lombardlar qarzlarni juda yuqori foizda berishadi.

Lombardlar omonatlarni qabul qilishi taqiqlangan (ruxsat berilmagan). Lombardlar tijorat banklaridan mablag‘lar, yuridik shaxslardan va jismoniy shaxs-ta’sischilardan qarz mablag‘larini jalb etishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qonun bilan belgilangan tartibda lombardlar faoliyatini litsenziyalaydi, tartibga soladi va nazorat qiladi. Markaziy Bank saytida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan lombardlar ro‘yxati mavjud.

 

Chinoz tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat

ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

M.Nunnazarov.