Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA: Endi uskunalarni uch yil ichida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olish mumkin


QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA: Endi uskunalarni uch yil ichida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olish mumkin

Jismoniy shaxslarga shamol yoki quyosh elektr stansiyasini oʻrnatganlik uchun, agar ularning quvvati 0,5 kVt.dan 1 kVt.gacha boʻlsa – BHMning 7 barobari, 1 kVt.dan 1,5 kVt.gacha boʻlsa – BHMning 10 barobari, 1 kVt.dan 2 kVt.gacha boʻlsa – BHMning 15 barobari, 2kVt. va undan yuqori boʻlsa – BHMning 20 barobari miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.

Bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talab bor. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilmoqda. Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl uy-joy, korxona, bogʻcha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni koʻpaytirishdir. Shu bois qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari Hukumatning doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. 

Bu borada aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim belgilandi. Unga koʻra, har bir oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun quvvatiga qarab 15 million soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi. Yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ham yaratiladi. 

Masalan, bir oila suv isitish uchun bir oyda oʻrtacha 195 ming soʻm xarajat qiladi, deylik. Endi ular 6 million soʻm evaziga 200 litrli quyosh qurilmasi oʻrnatsa, davlatdan 2 million soʻm kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod boʻlishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va “yonga qoladi”. Agar oila kompensatsiyani emas, boʻlib-boʻlib toʻlashni tanlasa, oylik toʻlov 170 ming soʻm boʻladi. Yaʼni hozirgi toʻlovidan ham kam boʻladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajat qilmaydi. 

Yana bir qulay tomoni, odamlar buning uchun biron-bir idoraga borib yurmaydi. Hamma hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal etib beriladi. Bu tizim Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi orqali joriy etiladi. 2022-yilning 1-oktyabridan Jamgʻarmaning raqamli onlayn platformasi (https://energymarket.uz/) ishga tushirildi. Platformadan foydalangan holda, isteʼmolchilar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3 yilgacha foizsiz boʻlib boʻlib toʻlash sharti bilan xarid qilishi mumkin. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini toʻliq toʻlagan isteʼmolchi xarajatlarining bir qismi Jamgʻarma hisobidan qoplanadi.

 

Qancha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi? 

Ayni jarayonlarning huquqiy asosi sifatida 2022-yil 5-oktyabrda Vazirlar Mahkamasining “Aholining mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish yoki boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. 

Qaror bilan Jamgʻarmaga Davlat byudjeti hisobidan 10 milliard soʻm ajratiladi. Bunda jismoniy shaxslarga shamol yoki quyosh elektr stansiyasini oʻrnatganlik uchun, agar ularning quvvati 0,5 kVt.dan 1 kVt.gacha boʻlsa – BHMning 7 barobari, 1 kVt.dan 1,5 kVt.gacha boʻlsa – BHMning 10 barobari, 1 kVt.dan 2 kVt.gacha boʻlsa – BHMning 15 barobari, 2kVt. va undan yuqori boʻlsa – BHMning 20 barobari miqdorida kompensatsiya toʻlanadi. 

Shu bilan birga, yangi yerlar oʻzlashtirilganda va tik quduqlarda oʻrnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasi isteʼmoli 5 kVt. va undan yuqori boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali taʼminlanganda – BHMning 50 barobari miqdorida, suv isitish hajmi 100 litr va 200 litr boʻlgan quyosh suv isitish qurilmalari uchun tegishlicha – BHMning 5 va 7 barobari miqdorida kompensatsiya beriladi. 

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmaning yagona elektron maydonchasi (Platforma) yordamida amalga oshiriladi. Bunda ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi mahalliy korxonalarning oʻz mahsulot va xizmatlarini sotish boʻyicha takliflari Platformaga joylashtiriladi. Kompensatsi olish yoki uning qiymatini boʻlib-boʻlib toʻlash uchun jismoniy shaxslarning arizalari Platforma orqali onlayn tarzda taqdim etiladi.

 

Shartnoma qanday tuziladi?

 

Ariza beruvchi Platforma va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari portali operatori yordamida Platformada joylashtirilgan qurilmalardan birini tanlaydi va murojaat arizasi qoldiradi. Ariza skoring baholash maʼlumotlari asosida bir kun ichida koʻrib chiqiladi. Bunda fuqarolarni skoring baholash (fuqaro maʼlumotlari, ularni identifikatsiyalash, byudjet, soliq, kommunal, kredit va boshqa qarzdorligi holati, kredit tarixi va boshqalar) belgilangan mezonlar asosida amalga oshiriladi. 

Skoring baholash natijalari boʻyicha arizachiga SMS-xabar yuboriladi. Platforma 18 yoshga toʻlmagan yoki 60 yoshdan (ayollar 55 yoshdan) fuqaro ariza berganda, arizachining bank kreditlari boʻyicha 30 kun muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlganda, salbiy kredit tarixiga ega boʻlganda, soliq, kommunal, MIBdan va boshqa toʻlovlardan qarzdorligi mavjud boʻlganda arizalarni avtomatik ravishda rad etadi. 

Ariza qabul qilingan hollarda, ishlab chiqaruvchi joyiga chiqqan holda qurilmani oʻrnatish mumkinligini oʻrganadi. Shu asosda tavsiyanoma berish yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi. Ariza tasdiqlangan holatda, kompensatsiya yoki boʻlib toʻlash haqidagi shartnoma Platformada avtomatik shakllantiriladi va fuqaroga tasdiqlash uchun SMS-xabar yuboriladi. Shundan soʻng elektron oldi-sotdi shartnomasi avtomatik ravishda rasmiylashtirilib, qurilma arizachiga yetkazib beriladi. 

Xullas, qaror bilan aholiga muqobil energiya manbalari boʻyicha yana bir qulaylik yaratildi. Endilikda har birimiz bundan samarali foydalanishimiz, elektr tejamkorligiga oʻz hissamizni koʻshishimiz mumkin.

Abduvali ESHONQULOV,

tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.