Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Tugʻilganlikni qayd etish tartibi.


 

Tugʻilganlikni qayd etish tartibi.

 

Oʻzbekiston Respuqblikasi Oila kodeksining 205-207 moddalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil
14-noyabrgdagi 387 sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalari ni qayd etish qoidalari”ga koʻra bolaning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, fuqarolarning doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDYO organi tomonidan amalga oshirilishi lozim. Tugʻilganlik haqidagi ariza bola tugʻilgan kundan boshlab bir oy muddat mobaynida ogʻzaki yoki yozma shaklda berilishi zarur.

Bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qoʻshnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin. 16 yoshdan oshgan tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.

Agar bola 16 va undan katta yoshda boʻlsa va unga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan rasmiylashtirilgan tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma mavjud boʻlsa, uning tugʻilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga koʻra qayd etiladi.

Tugʻilganlikni qayd etish uchun:

bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomasi (tugʻilganlikni kompleks davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno), ota-onalarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari (fuqarolik pasporti, xorijga chiqish pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy xizmatchining harbiy bileti), nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi gerbli guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza yoxud nikohda boʻlmagan onaning arizasi taqdim etiladi.

Tugʻruqxonalardan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaning tugʻilganligini qayd etish uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday holatlarda bolaning ushbu onadan tugʻilganligiga guvoh boʻlganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tibbiy maʼlumotnoma berish uchun asos hisoblanadi.

Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmagan alohida hollarda FHDYO organi tugʻilganlikni qayd etishni rad qilishi mumkin emas. Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmaganda bolaning tugʻilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.

Voyaga yetmagan ota-ona (ulardan biri)ning tugʻilgan bolasi umumiy asoslarda roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Bunda voyaga yetmagan ota-onaning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining ishtiroki talab etiladi.

Ota-onasi nikohda boʻlgan bolaning tugʻilishi toʻgʻrisidagi dalolatnomani yozish shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.

Bola tugʻilgunga qadar uning otasi vafot etgan vaqtdan, ota-onasi nikohi bekor qilinganligidan yoki ota-onasining nikohi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgandan keyin 300 kundan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xuddi shunday tartibda yoziladi.

Bunday hollarda ariza beruvchi tomonidan nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, sudning nikohdan ajratish haqidagi qaroridan koʻchirma (nusxa) yoki nikohni haqiqiy emas deb topganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan koʻchirma (nusxa) yoki otasining oʻlimi haqidagi guvohnomasi taqdim etilishi kerak. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida nikohdan ajralish yoki oʻlimning qayd etilgan joyi va sanasi, dalolatnoma yozuvining tartib raqami, qarorni chiqargan sudning nomi va qarorning sanasi koʻrsatiladi.

Bolaning nasl-nasabi xususidagi barcha nizolar sud tartibida hal qilinadi.

Agar ota-onalari oʻrtasida nikoh qayd etilmagan boʻlsa (tugʻilishni qayd etishda onasi ishtirok etmagan taqdirda) bolaning otasi haqidagi yozuv onaning notarial yoki tibbiy muassasa tomonidan tasdiqlangan arizasi boʻyicha amalga oshiriladi. Bunda bola otasining familiyasi tugʻilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvida onasining familiyasi boʻyicha, bola otasining ismi, ota ismi va millati onaning koʻrsatmasi boʻyicha qayd etiladi.

Bolaning tugʻilganligini qayd etishda unga familiya ota-onasining kelishuviga koʻra ota yoki onaning familiyasi, shuningdek milliy anʼanalarga muvofiq ota yoki ona tomonidan boboning ismi boʻyicha beriladi. Kelishuv boʻlmagan taqdirda nizolar vasiylik va homiylik organi, konsullik okrugida esa — konsul tomonidan hal etiladi.

Bolaga ism ota-onaning roziligiga koʻra beriladi. Bolaga qoʻshaloq ism berishga yoʻl qoʻyiladi (Saidahmadxoʻja, Toʻxtamurodjon, Guliraʼno, Mirzaolim, Mirzo Ulugʻbek, Roza-Mariya).

Bolaning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga kelgusida uning shaʼni va qadrini kamsitishi mumkin boʻlgan ism berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bola ismiga doir kelishuv mavjud boʻlmaganda paydo boʻlgan kelishmovchilik vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Bolaning ota ismi uning otasining ismiga koʻra beriladi.

Otasi haqida maʼlumotlar tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi va guvohnomada yozuvlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida oʻzgartirishsiz yoziladi.

Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida “Otasi” va “Onasi” ustunlarini ochiq qoldirish qatʼiyan man etiladi.

Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritilgan otasi haqidagi maʼlumotlar har qanday holda ham faqat sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, tugʻilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanishi mumkin boʻlgan bolaning tugʻilganligini qayd etish bola tugʻilgan yoki uning ota-onasi doimiy yoki vaqtincha yashab turgan oʻsha konsullik okrugidagi konsul tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda tugʻilgan va uning tugʻilganligi konsullik muassasasi tomonidan qayd etilmagan taqdirda, tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDYO organi tomonidan belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qoʻyilgan xorijiy davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan bola tugʻilganligini tasdiqlovchi tibbiy hujjat taqdim etilgandan keyin qayd qilinadi.

Tugʻilishni qayd etishning barcha hollarida bola tugʻilgan maʼmuriy hudud uning tugʻilgan joyi sifatida yoziladi.

Zangiota tuman adliya boʻlimi

FHDYO boʻlimi

1-toifali inspektor                                                                                                       N.Xojiakbarova