Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish


Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish

Oʻzbekiston Respuqblikasi Oila kodeksining 226-227 moddalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrgdagi 387 sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalari ni qayd etish qoidalari”ga asosan, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish haqidagi ariza ariza beruvchi 16 yoshga toʻlgach doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDYO organi tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar 16 yoshga toʻlgan shaxs pasport yoki pasport oʻrnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga tugʻilganlik haqida guvohnoma ilova qilinadi.

Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalar:

“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq;

sudning hal qiluv qarori asosida;

agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz boʻlsa;

agar familiya va ism millatiga toʻgʻri kelmasa;

xohishiga qarab nikohgacha boʻlgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;

oila uchun umumiy familiyada boʻlish istagi paydo boʻlganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan boʻlsa;

bolalarning ota yoki ona bilan bir xil familiyada boʻlish, onasining nikohgacha boʻlgan familiyasida boʻlish, oʻgay otaning yoki vasiysining familiyasida boʻlish istagi paydo boʻlganda;

16 yoshga toʻlgan shaxsga otalikni belgilashda koʻrib chiqiladi;

Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

ariza beruvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi;

agar ariza beruvchi nikohda turgan boʻlsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan boʻlsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;

agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari boʻlsa, u holda bolalarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari;

ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan koʻchirma;

agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;

1 dona (3x4 oʻlchamli) fotosurat.

FHDYO boʻlimi mudiri taqdim etilgan hujjatlar asosida, zarur hollarda esa boshqa FHDYO organlaridan oʻzining talabi boʻyicha kerakli dalolatnoma yozuvlari nusxalarini “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali oladi va tegishli tekshiruv oʻtkazish uchun ichki ishlar organiga “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali soʻrovnoma joʻnatadi. Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni 20 kun mobaynida oʻrganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirish xususida asoslangan xulosa tuzadi va uni FHDYO organiga axborot tizimi orqali taqdim etadi.

Ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismining oʻzgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa tuzilgan taqdirda ushbu holatning aniq sabablari koʻrsatiladi.

FHDYO organi familiya, ism, ota ismi oʻzgarganligi toʻgʻrisida ichki ishlar organiga 3 kun mobaynida, agar ariza beruvchi harbiy xizmatga majbur boʻlsa — u holda tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga ham xabarnoma yuboradi. Familiyasi, ismi, ota ismi oʻzgartirilgan shaxs FHDYO organi tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni bir oy ichida almashtirish zarur.

Oʻzaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi oʻzgartirilishi ikkinchisining ham familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.

Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi oʻzgartirilishi 16 yoshga toʻlmagan bolalari familiyasining ham oʻzgartirilishiga sabab boʻladi.

Ota-onalar yoki ulardan birining familiyasini oʻzgartirganligi ularning voyaga yetgan bolalarining familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.

Agar ota-onadan biri familiyasini oʻzgartirsa, ularning voyaga yetmagan bolalarining familiyasini oʻzgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv boʻlmaganda esa — vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Otaning ismini oʻzgartirishi voyaga yetmagan bolalarning ota ismi oʻzgarishiga olib keladi.

Voyaga yetgan bolalarning ota ismi faqat ularning arizalariga koʻra oʻzgartiriladi.

Agar nikohga kirish paytida oʻzining nikohgacha boʻlgan familiyasini saqlab qolgan shaxs keyinchalik erining familiyasini qabul qilsa, shuningdek nikohga kirish paytida qabul qilgan familiyasini nikohgacha boʻlgan familiyasiga oʻzgartirsa, u holda oʻzgartirish faqat nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.

Agar nikohdan ajratilgandan keyin nikohdagi familiyasini saqlab qolgan shaxs uni nikohgacha boʻlgan familiyasiga oʻzgartirsa, u holda oʻzgartirish faqat nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolarining arizalari konsul tomonidan koʻrib chiqiladi. Arizaga mazkur Qoidalarning 151-bandida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinishi lozim. Zarur hollarda konsul arizachining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni va oʻzgartirish kiritilishi lozim boʻlgan dalolatnoma yozuvlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali talab qilib oladi.

Yigʻilgan hujjatlar asosida konsul Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasining yoki ariza beruvchi doimiy yashab turgan davlatning vakolatli organlaridan ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirishiga ruxsat berilganligi haqidagi fikr olishi zarur.

Ushbu fikr asosida konsul familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish haqida asoslangan xulosa tuzadi va uni yigʻmajild bilan birga oʻzgartirish kiritilishi lozim boʻlgan dalolatnoma yozuvi saqlanayotgan FHDYO organiga yuboradi.

Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

 

Zangiota tuman adliya boʻlimi

FHDYO boʻlimi

2-toifali inspektori                                    

S.Mavlyanova