Янгиликлар
Tungi vaqtda ishlagan xodimlarga haq to’lash tartibi qanday?
Tungi vaqtda ishlagan xodimlarga haq to’lash tartibi qanday?
Amaliyotda aksariyat tashkilotlar Mehnat kodeksining 122-moddasi 3-qismidagi quyidagi normani noto’g’ri talqin qilishmoqda. Ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra zarur bo‘lgan hollarda, xususan ishlab chiqarish uzluksiz bo‘lgan joylarda, shuningdek bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi sharoitida smena bo‘lib ishlanayotgan joylarda tungi ish muddati kunduzgi ish muddatiga tenglashtiriladi. Bu yerda mehnatga haq to’lash haqida hech qanday gap yo’q. Unda nima haqida gap ketmoqda? Gap shundaki, agar xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatining kamida yarmi tungi vaqtga to‘g‘ri kelsa, tungi ish vaqti muddati bir soatga, ish haftasi muddati ham shunga muvofiq ravishda qisqartiriladi. Masalan, xodimning ish vaqti 8 soat. Shuni yarmi tungi vaqtga to’g’ri kelsa, uning ish vaqti 1 soatga qisqaradi. Ya’ni 8 soat emas 7 soat ishlaydi. Biroq, ishlab chiqarish uzluksiz bo‘lgan joylarda, shuningdek bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi sharoitida smena bo‘lib ishlanayotgan joylarda tungi ish muddati kunduzgi ish muddatiga tenglashtiriladi ya’ni 1 soatga qisqarmaydi: 7 soat emas 8 soat ishlaydi.
MK 158-moddasi 1-qismiga ko’ra, tungi vaqtdagi (soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt) ishning har bir soati uchun kamida bir yarim baravar miqdorda haq to‘lanadi. Chunki tungi vaqtdagi ishning kunduzgidan farqli ravishda inson organizmiga zarari va yuklamasi ko'p. Shuning uchun ham oshirilgan haq to'lanadi.
Demak, Sizga tungi vaqtdagi ishingizing har bir soati uchun kamida bir yarim baravar miqdorda haq to‘lanishi shart.
⚠️Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qiling. Yoki quyidagi ishonch raqamlariga telefon qiling: 1000 yoki +99871 210 00 00 (Prezident virtual qabulxonasi), +99871 200 06 00 (Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ) 1007 (Bosh prokuratura) , 1008 (Adliya vazirligi).
Toshkent tumani
yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti F.U.Matkarimov