Янгиликлар
O’rindoshlarga “dekret puli” berilmaydimi? Shunday qaror chiqdi deyishyapti?
O’rindoshlarga “dekret puli” berilmaydimi?
Shunday qaror chiqdi deyishyapti?
O’rindoshlarga ham “dekret puli” beriladi. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil
18-oktabrdagi 297-son qaroriga ilova “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida” Nizomning 18-bandiga ko’ra, o‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir. Nizomning 19-bandiga ko’ra, sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi ushbu Nizomning
18-bandida nazarda tutilgan o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.
Unda o’rindoshlarga “dekret puli” berilmaydi degan asossiz gaplar qayerdan chiqdi?
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-sentabrdagi 515-son qaroriga 1-ilova “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3-bandiga ko’ra, ushbu nizom budjet tashkilotlarida, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlaydigan ayollarga tatbiq etilmaydi. Mana shu normani ko’pchilik xato tushunib, endi o’rindoshlarga “dekret puli” berilmas ekan deb noto'g'ri talqin qilmoqda.
Aslida esa o’rindoshlik asosida budjetdan tashqari tashkilotda ishlovchi ayollarga
2 million “dekret puli” davlat tomonidan kompensatsiya qilinmaydi, lekin bu holatda bu toifa ayollarga dekret puli to'liq ish beruvchilarning shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Agar Sizga o’rindoshlik joyingizdan dekret pullaringiz to’lab berilmasa, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qiling. Yoki quyidagi ishonch raqamlariga telefon qiling: 1000 yoki +99871 210 00 00 (Prezident virtual qabulxonasi), +99871 200 06 00 (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) 1007 (Bosh prokuratura) , 1008 (Adliya vazirligi).
Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksi 49-3-moddasiga koʼra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʼish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda toʼlash boʼyicha majburiyatdan boʼyin tovlash, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʼlsa, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan
30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.
Toshkent tumani
yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti F.U.Matkarimov