Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi.


Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq nimalar oʻzgaradi ?

Mazkur qonun, tanlov asosida ishga qabul qilish, kadrlar rotatsiyasi, qolaversa, tadbirkorlik qilish, xorijda hisob-raqam ochish va manfaatlar toʻqnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiyalashni nazarda tutadi.

Davlat fuqarolik xizmati deganda “davlat xizmatining bir turi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlashga doir haq toʻlanadigan kasbiy faoliyati tushiniladi”.

Qonun kimlarga qoʻllaniladi? Qonunning amal qilishi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonun kimlarga taʼluqli emas ? Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi aʼzolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi va DXX organlarida xizmat qilayotganlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish xodimlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

  1. Davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi;
  2. qonuniylik;
  3. adolatlilik;
  4. xalqqa xizmat qilish;
  5. davlat organlarining va mansabdor shaxslarining jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi;
  6. inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
  7. ochiqlik va shaffoflik;
  8. xolislik, professionallik va kompetentlik;
  9. davlat fuqarolik xizmatiga kirishda Oʻzbekiston fuqarolarining teng huquqliligi;
  10. davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi.

Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan. U oʻz vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy koʻrsatkichlar) tizimini joriy qiladi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini oʻrganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantiradi.

Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda yordam koʻrsatadi.

Maqom, huquq, majburiyatlar va cheklovlar

Oʻzbekiston fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan eʼtiboran davlat fuqarolik xizmatchisi (DFX) huquqiy maqomiga ega boʻladi va davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yoʻqotadi. DFX lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha huquqlar, majburiyatlar va cheklovlar alohida qonunchilik bilan belgilanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagi huquqlarga ega:

  1. oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning oʻziga xos xususiyati va murakkabligiga, bajarilgan ishlarning miqdori hamda sifatiga muvofiq oʻz vaqtida va toʻliq hajmda ish haqi olish;
  2. kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun ragʻbatlantirish;
  3. davlat organining mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan muntazam ravishda malakasini oshirib borish;
  4. mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasiga oʻzgartishlar kiritish va shartnomani bekor qilish;
  5. oʻz mansab vakolatlarini, xizmat majburiyatlarini va javobgarligini belgilovchi lavozim yoʻriqnomasi va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
  6. mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq boʻlgan ish oʻrniga ega boʻlish;
  7. davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish;
  8. DFXdagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari toʻgʻrisida xabar bergan taqdirda davlat himoyasi bilan taʼminlanish;
  9. oʻzining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat organining rahbariyati hamda boshqa mansabdor shaxslar tomonidan hurmat qilinishi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagilarga majbur:

  1. Konstitutsiyaga va boshqa hujjatlarga rioya qilish;
  2. oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, davlat organi tomonidan belgilangan odob-ahloq qoidalariga, xizmatga oid axborot bilan ishlash tartibiga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq boshqa qoidalarga rioya etishga;
  3. manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, begʻaraz va xolis boʻlishga;
  4. davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan yuajarishga shubgʻa tugʻdirishi mumkin boʻlgan harakatlardan (harakatsizlikdan), shu jumladan oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda boʻlishdan tiyilishga;
  5. oʻz xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek oʻz xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslikka;
  6. davlat sirlarini yoki qonun bilan koʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi talablarga rioya etishi. shuningdek, oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi chogʻida olingan mazkur maʼlumotlarni oshkor qilmasligi, shu jumladan davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugaganidan keyin oshkor etmaslikka;
  7. qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishga;
  8. davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishga;
  9. oʻzining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishga.

10.    Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar ham oʻrnatilgan. Unga koʻra, DFX quyidagilarga haqli emas:

  1. oʻzaro yaqin qarindoshlikka yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat oranida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
  2. pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga, Oʻzbekiston qonunlarida hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
  3. tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish;
  4. tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga, bundan AJlarning erkin muomalada boʻlgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno;
  5. oʻzi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega boʻlgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga;
  6. oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishga;
  7. chet davlat fuqaroligini olishga;
  8. qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan oʻz xizmat mavqei bilan bogʻliq holda foydalanishga;
  9. Oʻzbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega boʻlishga, koʻchmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk mustasno;
  10. oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalari va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs davlat xizmatiga qabul qilingandan keyin tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

DFX shugʻullanishi mumkin boʻlmagan pullik faoliyat turlarining roʻyxati korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari va davlat fuqarolik xizmati tomonidan belgilanadi.

Belgilangan cheklovlarga rioya qilmaslik DFXni intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asosdir.

Qonun davlat fuqarolik xizmatchisining javobgarligini belgilaydi. DFXning noqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shuningdek xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi qonunga muvofiq davobgarlikka sabab boʻladi.

DFXning harakatlari (harakatsizligi) oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab boʻldi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs bunday harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

DFXning qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanib, ushbu zarar keyinchalik aybdor boʻlgan DFXdan undirib olinadi.

Davlat organi rahbarining yoki mansabdor shaxslarining qonunga xilof topshirigʻini bajarish natijasida DFX tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi. Zarar miqdori qonunga xilof topshiriqni bergan davlat organi rahbaridan yoki mansabdor shaxsidan regress tartibida undiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash

Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham koʻzda tutilgan. Ular qatoriga DFX axlokiy xulk-atvor qoidalariga rioya qilish, DFX manfaatlar toʻqnashuvining oldi olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatlari uchun sovgʻalar olish va taqdim etish tartibini belgilash, DFX ijtimoiy himoyasi, moddiy taʼminoti va ragʻbatlantirishni taʼminlash kiradi.

“Davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini olishi shart”, — deya talab qoʻyilgan qonunda.

Agar DFX korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi axborotga ega boʻlsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar koʻrishi, shu jumladan yuqori turuvchi davlat organini (mansabdor shaxsini) yoki korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga darhol xabar qilishi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak. Korrupsiya haqida xabar bergan DFX davlat himoyasida boʻladi.

Davlat xizmatchilarining axloqiy xulq-atvori qoidalari qonun bilan belgilab qoʻyilmoqda. Qoidalarga asoslanib, har bir davlat organi faoliyatning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda axloqiy xulq-atvorning ichki qoidalarini tasdiqlaydi. Ularda quyidagilar boʻlishi kerak:

1.     rahbarlar, boʻysunuvdagilar va boshqa davlat fuqarolik xizmatchilari oʻrtasidagi oʻzaro ahloqiy munosabatlar;

2.     DFXning ishchanlik obroʻsiga va davlat fuqarolik xizmatining nufuziga putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlar (harakatsizlik);

3.     DFXning xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorining asosiy qoidalari.

DFXning odob-ahloq qoidalarini buzish ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Hujjatda shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida sovgʻalarga nisbatan munosabatda boʻlish shartlari qayd etilgan. DFXga (uning oila aʼzolariga) bepul berilgan, moddiy qimmatga ega boʻlgan mol-mulk yoki DFXga (uning oila aʼzolariga) begʻaraz koʻrsatilgan xizmat sovgʻa deb hisoblanadi.

“Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovgʻalar, shuningdek, musabaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovgʻalar mustasno”, — deyiladi qonunda.

DFX fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovgʻalar olishi mumkin.

DFX tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

Qonunga asosan manfaatlar toʻqnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yohud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatdir.

Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzining rahbariga yoki yuqori turuvchi organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan davlat organining rahbari yoki yuqori turuvchi organ ushbu toʻqnashuvni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart.

Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va hal etish tartibi qonun bilan belgilanadi.

Bundan tashqari, qonunda DFX belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishi shart.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri Oʻzbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi. DFX lavozimlarining davlat reestri, shuningdek, unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

DFX lavozimlarining davlat reestri organ darajasidan (milliy, respublika, hududiy va tuman) kelib chiqqan holda, malaka talablariga muvofiq birxillashtirilgan va tasniflangan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari hamda toifalaridan, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalaridan iborat boʻladi.

 

Toshkent tuman adliya boʻlimi YUXKM

bosh yuriskonsulti Q.A.Shodiyev