Янгиликлар
Yer solig‘idan kimlar ozod etiladi?
Yer solig‘idan kimlar ozod etiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga ko‘ra yer solig‘ini to‘lovchi jismoniy shaxslarning toifalari belgilab qo‘yilgan.
Kodeksning 436-moddasiga ko‘ra yer solig‘idan quyidagilar ozod qilinadi:
1) «O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar.
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
3) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.
4) yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogironligi bo‘lgan bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi.
5) boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir.
6) Chernobilь AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar.
7) energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar — qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e'tiboran uch yil muddatga.
Ushbu moddada ko‘rsatilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadilar.
Bekobod shahar adliya bo‘limi
bosh maslahatchisi Sh.Malikov