Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻz ishini boshladi


“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻz ishini boshladi

Mamlakatimizda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali amalga oshirila boshlandi. Bu tizim vositasida kam taʼminlangan oilalarga nafaqalar tayinlashda qator qulayliklar yaratildi. Aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning shaffofligi va adolatliligi taʼminlanmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 4-avgustda qabul qilingan “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada huquqiy asos vazifasini oʻtayapti.

Mazkur qaror ijrosi dastlab Toshkent viloyatida sinab koʻrildi. 2020-yilning 1-dekabridan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi vositasida bola ikki yoshga toʻlgunga qadar uni parvarish qilish, 14 yoshgacha bolalari boʻlgan va kam taʼminlangan oilalariga moddiy yordam tayinlash va toʻlashning soddalashtirilgan mexanizmi ishga tushirildi.

Mazkur tizim Sirdaryo viloyatida ham sinab koʻrildi va oʻz samarasini koʻrsatdi. Ayni paytda uni bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha hududida joriy etish koʻzda tutilgan.

Shu yilning 1-yanvaridan boshlab kam taʼminlangan oila maqomini olish uchun fuqarodan avvalgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod maʼlumot talab qilinmaydi. Endilikda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi vositasida ehtiyojmand oilalarga 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlarni oson va qulay tarzda taqdim etish yoʻlga qoʻyildi. Bu, albatta, soʻnggi davrda davlat tomonidan boshqaruv tizimi va iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish ragʻbatlantirilayotgani samarasidir.

Ijtimoiy himoya yagona reestri joriy etilishi natijasida davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini olish jarayonida barcha maʼlumot elektron koʻrinishda taqdim etilyapti, inchinun, qogʻozbozlikka barham berilyapti. Shuningdek, u davlat xizmatlari shaffofligi va manzilliligini taʼminlaydi, yordam olish jarayonini tezlashtiradi.

Bundan tashqari yagona reestr tashkil etilishi natijasida davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish uchun murojaat qilgan fuqarolar toʻgʻrisida yaxlit maʼlumotlar bazasi shakllanadi. Oilalar ehtiyojmandligi darajasi va belgilangan mezonlarga muvofiqligini real vaqt rejimida baholab borish imkoniyati yaratiladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimidan foydalanish uchun 16 yoshga toʻlmagan bolalar va biometrik pasporti boʻlmagan fuqarolar uchun jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritish kerak boʻladi. Ariza tizim (my.gov.uz) orqali topshirilib, kerakli maʼlumotlar kiritilganidan soʻng 9 ta vazirlik va davlat idorasining maʼlumotlar bazasi bilan elektron maʼlumotlar ayirboshlash jarayoni amalga oshiriladi.

Olingan maʼlumotlar murojaat etuvchiga inson omilisiz, mustaqil ravishda belgilangan mezon va meʼyorlar asosida ijtimoiy nafaqa tayinlaydi yoki rad etadi. Chiqarilgan qaror arizachiga SMS orqali maʼlum qilinadi. Bu tizim fuqarolar uchun nafaqat qulayligi, balki ijtimoiy nafaqalarni tayinlash jarayonida shaffoflikni taʼminlash, rasmiyatchilik va sansalorlikni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Bu tizim rivojlangan mamlakatlarda anchadan buyon amal qiladi. Koʻp davlatlarda muhtoj inson va oilalarga pul yoki mahsulot koʻrinishidagi yordamlar avtomatlashtirilgan tizim vositasida amalga oshiriladi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi ana shunday mamlakatlar tajribasini oʻrganish asnosida vujudga keldi. Ushbu tizim aholiga qulaylik yaratish, ular ehtiyoji va talablarini qondirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

Adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi xodimi
Mardonbek MAXMUDOV