Янгиликлар
Notariuslar faoliyatining huquqiy asoslari
Notariuslar faoliyatining huquqiy asoslari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 9-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida notarial tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, mazkur yil boshidan boshlab bosqichma-bosqich xususiy notariuslar tashkil etish hamda barcha notariuslar shu davrdan tashkil etiladigan Oʻzbekiston Respublikasining Notarial palatasiga aʼzo boʻlishi ham kutilmagan yangiliklardan boʻldi.
Eng katta yangilik mazkur sohada mol-mulklar bilan bogʻliq bitimlarni tasdiqlashda bir qator talablar bekor qilinganidir.
Jumladan, mazkur yilning 1-yanvaridan eʼtiboran qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklarning ruxsati, vasiylikdagi shaxs nomidan turar joyni ijaraga (arendaga) berishda vasiylik va homiylik organining roziligi talab etilmasligining oʻzi ortiqcha sarsonlikni bartaraf etdi. Ikkinchi qulaylik bu mazkur farmon bilan 2019-yil 1-oktyabridan buyon yaqin qarindoshlar oʻrtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnomaning bekor qilinganidir.
2020-yil 1-yanvardan boshlab korxonani ijaraga, tekin foydalanishga berish, birlamchi bozorda mol-mulkni lizingga berish va garov (ipoteka) shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinishi jismoniy va yuridik shaxslar uchun yaratilgan qulayliklardan biri boʻldi.
Endi sunʼiy navbatlarni oldini olishda elektron notarial, xususiy notarial institutlarining ham oʻrni beqiyos ekanligini pandemiyaga qarshi kurash karantin davri ham isbotlamoqda.
Uzoq yillar davomida notarius sifatida faoliyat olib borgan xodim sifatida shuni alohida qayd etishni istardiki, mazkur yilning eng katta aholiga tuhfasi sifatida quyidagi yangi notarial harakatlarni qoʻllab-quvvatlayman:
Birinchidan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha boʻlgan jarayonda dalillarni taʼminlash;
Ikkinchidan, mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarilishi boʻlgan boʻlsa;
jismoniy va yuridik shaxslar uchun esa koʻchmas mulklar boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklar haqida maʼlumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;
agar taraflar turli hududlarda boʻlsa, oʻsha hududdagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkinligi juda koʻp sarsonliklarni bartaraf etdi hamda tadbirkorlar uchun ham qulayliklarni yaratdi.
Shuningdek, ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qogʻoz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega boʻlgani ham alohida eʼtirofga loyiq qadam boʻldi.
Respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkinligining oʻzi ham yangilikdir.
Sarson-sargardonlikning oldini olishda esa, notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qoʻyish xizmati joriy etilgani ham yutuqdir.
Yana bitta muhim holatni alohida eslatishni istadim. Bu vasiyat masalalasiga oid boʻlib, har bir insonni oʻylantiradigan jihatdir.
Endilikda vasiyatnomalarni rasmiylashtirish tartibi ham zamon bilan hamnafas oʻzgardi. Vasiyatnomalarni rasmiylashtirish videoyozuv orqali yoʻlga qoʻyilgani innovatsion usulning joriy etilishidir. Albatta, bugungi kunda yagona darcha tamoyilining faoliyati notariuslar ishini yana-da tezlashtirgani, aholiga zamonaviy xizmat usullarini tatbiq etgani tahsinga loyiqdir.
Bu yangi notarial xizmatni amalga oshirishda albatta davlat siyosatining eng katta eʼtibori xususiy notarius faoliyatini qoʻllab-quvvatlaganini eʼtirof etish oʻrinlidir.
Mana, yurtimizda yana xususiy notariuslar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bunda Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 14-yanvar kuni «Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun huquqiy asos boʻldi. Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Garov toʻgʻrisida”gi, «Notariat toʻgʻrisida»gi, “Lizing toʻgʻrisida”gi, “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ayniqsa, ular orasida «Notariat toʻgʻrisida»gi Qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar alohida eʼtiborga sazovordir.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar qonun hujjatlariga muvofiq davlat notarial idoralari notariuslari bilan bir qatorda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan amalga oshirilishi ham belgilangani fuqarolarimiz uchun qulaylik yaratildi.
Mazkur Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notarial faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan eʼtiboran besh yil oʻtmagan boʻlsa, olti oy muddat stajirovka oʻtagan holda soddalashtirilgan tartibda notarius boʻlishi yoki notarius yordamchi va stajyordan tashqari notarial faoliyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa xodimlarga ega boʻlishi mumkinligi hamda notarius boʻlishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yosh etib belgilab qoʻyilgani ham notarius faoliyatining qonuniy mustahkamlanganligi notariuslar uchun muhim yangiliklardir.
Ayni paytda, fuqarolarimiz uchun xususiy notarial faoliyatni amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi.
Litsenziya Oliy malaka komissiyasining notariuslik vakolatlarini berish boʻyicha malaka imtihoni yakunlari yuzasidan chiqariladigan qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.
Qonunning yangi kiritilgan 22-(6)-moddasiga koʻra notarial palataning konferensiyasi palataning yuqori organi boʻlib, zaruratga koʻra, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi.
22-(7)-moddaga muvofiq esa xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Notarial palata huzurida Kompensatsiya fondi tashkil etilganining oʻzi notarial harakatlarning qonuniyligi, adolatligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, endilikda notariuslar tomonidan quyidagi yangi notarial harakatlar — mediator vazifasini bajarish, dalillarni taʼminlash, mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash, elektron hujjatning qogʻoz shaklidagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanini tasdiqlash kabi harakatlarining amalga oshirilishi fuqarolar va ayniqsa, iqtisodimizni rivojlantirishda muhim hissa qoʻshayotgan tadbirkorlarimizga qulaylik yaratilgan imkoniyatdir.
Zero, joriy yilning 16-martdagi “Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 156-son, Hukumat qarori bilan Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, xususiy notarius faoliyatini litsenziyalash, ularni hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarish Qoraqalpogʻiston Adliya vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi qayd etilgan. Bundagi qulaylik notarial harakatlar “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilgani va berilgan imkoniyat mamlakatimiz notarial tizimining yangiligi va oʻziga xos jihatlarini namoyon etmoqda.
Chinoz tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.K.Muhammadiyev